Jamiyat | 20:06 / 01.09.2020
12905
4 daqiqa o‘qiladi

OTMlarga kirish imtihonlari boshlanmoqda. Abituriyentlar uchun muhim eslatmalar

O‘zbekistonda 2 sentyabrdan boshlab oliy ta'lim muassasalariga qabul imtihonlari boshlanadi.

Imtihonlar 2 smenada o‘tkaziladi. 1-smena 08:00dan 11:00gacha, 2-smena esa 17:00dan 20:00gacha davom etadi.

Ertalabki smenada soat 6:30dan boshlab, ikkinchi smenada esa soat 15:30dan boshlab sektorlarga kiritish ishlari boshlanadi.

Abituriyentlar imtihon vaqtidan kamida yarim soat oldin o‘z o‘rnini egallagan bo‘lishi kerak. Kechikkanlar imtihonga kiritilmaydi.

Test o‘tkaziladigan hudud haqida batafsil ma'lumot olish mumkin

Davlat test markazi rasmiy saytida «Stadionlar va xiyobonlar» bo‘limi tashkil etilgan. Bu bo‘lim orqali abituriyent o‘zi test topshiradigan stadion yoki xiyobonning manzili, hududga kirish joylari; sektor raqami, test topshiradigan guruhlar haqida ma'lumot olishi mumkin.

Saytda imtihon olinadigan joyning Google xaritasidagi geolokatsiyasi ham berilgan.

Imtihonga qaysi hujjatlar bilan borish kerak?

Abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun abituriyent ruxsatnomasini abitur.dtm.uz saytidagi shaxsiy kabinet orqali olishlari mumkin.

Kirish imtihonlariga 2ta hujjat: pasport va abituriyent ruxsatnomasi bilan borish talab etiladi. Pasport bo‘lmagan holatda ruxsatnoma haqiqiy hisoblanmaydi. Test sinovlariga haydovchilik guvohnomasi yoki pasport nusxasi bilan kirish mumkin emas.

Boshqa ortiqcha narsalar: ruchka, qog‘oz kabilarni abituriyent o‘zi bilan olib borishi kerak emas. Barcha kerakli narsalar: ruchka, tibbiyot niqobi, qo‘lqop, suv imtihon oldidan tarqatiladi.

Test hududidan 1,5 kilometr masofada transport harakatlari cheklanadi

Toshkent shahri va Toshkent, Farg‘ona viloyatlarida 6tadan, Samarqand, Namangan, Surxondaryo viloyatlarida 4tadan, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3tadan, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida 2tadan, Jizzax, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida 1tadan hududda (stadion) test o‘tkazilishi belgilangan.

Test o‘tkaziladigan hududlarga olib boruvchi avtomobil yo‘llari kamida 1,5 kilometr masofada beton to‘siqlar yoki yuk avtotransportlari bilan yopiladi. Abituriyentlar piyoda bosib o‘tilishi kerak bo‘lgan masofani ham hisobga olgan holda vaqtida test sinoviga yetib borish uchun harakat qilishlari lozim.

Ota-onalar uchun imtihonda alohida kutish joyi bo‘lmaydi

Bu yilgi imtihonda oldingi yillardagi kabi ota-onalar uchun alohida kutish joylari tashkil qilinmaydi. Imtihonda qatnashuvchilar buni ham hisobga olishlari kerak bo‘ladi.

Har bir abituriyent tekshiruvdan o‘tkazib ichkariga kiritiladi

Imtihonga bir abituriyentning o‘rniga boshqa abituriyent kirmasligi uchun yuzni tanib olish kameralari o‘rnatiladi. Test hududi to‘liq kameralar bilan ta'minlanadi va har bir perimetrda IIV xodimi joylashtiriladi. Kameradagi ma'lumotlar 1,5 oy mobaynida arxivda saqlab turiladi.

Imtihon javoblarini bir kunda, talaba bo‘lganlik haqida bir haftadan keyin bilish mumkin

Imtihonlar 16-17 sentyabrda yakunlansa, abituriyent talaba bo‘lgani haqidagi javobni bir haftadan keyin, taxminan 20-22 sentabr kuni bilishi mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid