Jamiyat | 18:52 / 02.09.2020
5133
2 daqiqa o‘qiladi

DTM: Koronavirusga chalingan abituriyent test hududiga kelib, dalolatnoma tuzdirishi lozim

Koronavirus tasdiqlangan abituriyent test hududiga ishonchli vakil bilan kelishi va dalolatnoma tuzdirishi kerak bo‘ladi. Bu haqda Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Agar abituriyentda koronavirus aniqlangan bo‘lsa, u imkoni bo‘lsa, ishonchli vakil bilan test sinovlari o‘tkaziladigan hududga kelishi kerak. Bunday abituriyent pasporti, «Abituriyent ruxsatnomasi» va koronavirus tasdiqlangani to‘g‘risidagi ma'lumotnomani ko‘rsatishi lozim.

Bu hujjatlar asosida dalolatnoma tuziladi va u DTMga yuboriladi. Abituriyent test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng 4 kun o‘tgunga qadar tuzalsa, alohida tashkil etiladigan imtihonda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi», – dedi Rajabov 2 sentabr kungi brifingda.

Qayd etish joiz, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga asosan, COVID-19 alomatlari bor fuqarolarga jamoat joylariga chiqishi cheklangan.

Koronavirusga chalingan abituriyentlardan tashqari, imtihon kunida tana harorati yuqori bo‘lgani sabab imtihonga qo‘yilmagan abituriyentlar ham barcha testlar yakunlanganidan keyin 4 kun o‘tib imtihon topshirishi mumkin bo‘ladi.

Avvalroq 2 sentabr – imtihonlarning ilk kuni birinchi smenasida respublika bo‘yicha faqat bir nafar abituriyent harorati yuqori bo‘lgani sabab testga kiritilmagani xabar qilingandi.

Mavzuga oid