Jamiyat | 17:38 / 03.09.2020
18898
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash tizimidagi kollej va texnikumlarga hujjatlar onlayn qabul qilinishi davom etmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimdagi kollej va texnikumlarga hujjatlar onlayn qabul qilinishi 25 sentyabrga qadar davom etishi haqida xabar qildi.

«Shu kunlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot kollejlari hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlariga abituriyentlarning hujjatlarini onlayn qabul qilish jarayoni davom etmoqda. Hujjatlarni qabul qilish joriy yil 25 sentyabrga qadar davom etadi.

O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining tegishli bayonnomalariga asosan, tizimida kollej va texnikumlar bo‘lgan vazirlik va idoralar qatori, sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi kollej va texnikumlarga ham grant hamda to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalari belgilandi.

Unga ko‘ra, tizimdagi mavjud 28ta tibbiyot kollejlariga 832 nafar grant, 14346 nafar to‘lov-kontrakt, 47ta Jamoat salomatligi texnikumlariga esa 967 nafar grant, 22543 nafar to‘lov-kontrakt, jami 1799 nafar o‘quvchi grant asosida hamda 36889 nafar o‘quvchi to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi. Shunday qilib, respublika bo‘yicha 38688 nafar o‘quvchi tibbiyot kollejlari va Jamoat salomatligi texnikumlariga qamrab olinadi.

Abituriyentlar va ularning ota-onalari o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligida tashkil etilgan Call-markazi (71 246-11-92 telefon raqami)ga, shuningdek, Kasbiy ta'limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalarida tashkil etilgan Call-markazlariga murojaat etishlari mumkin. Ushbu markazlar haftaning dushanba-shanba kunlari soat 9:00-18:00 ga qadar faoliyat ko‘rsatadi.

Kollej va texnikumlarga onlayn qabul jarayoni bilan bog‘liq yangiliklar haqida yana qo‘shimcha ma'lumotlarni berib boramiz», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid