Light | 19:31 / 07.09.2020
14556
10 daqiqa o‘qiladi

G‘oliblar tarixi. Pol Rend – grafik dizayn afsonasi

Pol Rend (Paul Rand) – grafik dizayn bo‘yicha 20-asrning tengi yo‘q insonlaridan biri. Uning ishlari bugungi kunda nafaqat boshqalarga ilhom baxsh etishi bilan, balki g‘ayrioddiyligi va umri uzoqligi bilan ham ajralib turadi.

Pol Rendni zamondoshlari zamonaviy dizayn olamidagi Pikasso deb ta'riflashardi. U o‘z davrining eng ta'siri kuchli dizayneri deb tan olingan, deya hikoya qiladi Logolove.me sayti.

«Dizayn nafaqat rasmni chiroyli qiladi, u biznesning rivoji uchun ham muhimdir, biznes uchun albatta grafik dizayn kerak», degan tushunchaning paydo bo‘lishiga Rend sabab bo‘lgan deyishadi.

Talabalik va grafik dizayn olamiga kirib kelishi

Foto: paulrand.design

Pol Rend 1914 yil 15 avgustda, Nyu-Yorkning Bruklin mavzesida yahudiy muhojirlari oilasida tug‘ilgan. Bolaligidanoq rasm chizish va dizaynga qiziqishi kuchli bo‘lgan, bu uning maktab ta'tilidagi va otasining oziq-ovqat do‘konidagi ishlarida o‘z aksini topgan. Ammo otasi rasm chizish orqali pul ishlash mumkinligiga shubha qilar edi, shuning uchun u o‘g‘lini muhandislikdan ta'lim beruvchi Manhettandagi Haaren High School maktabiga o‘qishga yubordi.

Darvoqe, tug‘ilganda unga yevreycha Perets Rozenbaum ismi berilgan, ammo maktabni tugatgandan so‘ng dizayner o‘z ismini soddagina qilib Pol Rendga o‘zgartirdi. O‘sha yillarda u grafik dizayn bilan shug‘ullanishni boshlaydi. Uning do‘sti har doim: «Ism va familiyangdagi to‘rttadan harflar logotipga juda mos keladi», deb hazillashar edi.

Pol tirishqoq talaba edi, 1929 yildan 1932 yilgacha Pratt institutidagi kechki darslarda qatnashdi, bir nechta san'at maktablarida (The New School for Design, The Art Studens League,Yale University in Connecticut) o‘qidi.

Rend ta'lim olgan maskanlar yaxshi dars berishiga va u yillar davomida ta'lim olganiga qaramay, asosiy bilimlarni o‘zi mustaqil o‘rganib, grafik qobiliyatini rivojlantirdi. Keyinchalik Pol shunday eslaydi:

«O‘qish paytida deyarli hech narsa o‘rganmadim. Men tushungan ozgina narsani ham o‘zim o‘rganganman».

Ilk muvaffaqiyatlar

Foto: paulrand.design

Dizayner sifatida 1930-yillarning oxirlarida, jurnallar uchun muqovalar ishlay boshlaganida omadi kela boshladi. Birinchi ishi uchun u pul olmadi va bepul ishladi, ammo evaziga u to‘liq ijodiy erkinlik va asosiy muqovani tayyorlash ishini oldi. Bu unga omma e'tiboriga tushishiga va o‘zining birinchi mijozlarini topishiga yordam berdi.

Uning birinchi professional ishlaridan biri mashhur «Esquire» moda jurnaliga tegishli edi. Dastlab rad javobini oldi, keyinchalik «Esquire» uchun moda tendensiyalari tasvirlangan sahifalarni yaratish topshirig‘ini oldi.

Foto: paulrand.design

«30-yillardagi Amerikaning barcha grafik dizaynerlari orasida Pol Rend – eng yaxshilaridan biri edi. U go‘yoki shoirlik va ishbilarmonlik tillarini qorishtirib foydalanadigan idealist va realistdir. – (Laslo Moxoy-Nad, rassom, o‘tgan asrning mashhur dizaynerlaridan)

Keyinchalik, 27 yoshida u William H. Weintraub & Co reklama agentligining bosh badiiy direktori etib tayinlandi.

Dunyo miqyosidagi mashhurlik

Foto: paulrand.design

1950-yillarda Pol Rend biznes olamida chinakamiga dovruq qozondi. Uning ismi-sharifi logotiplar va korporativ uslubni rivojlantirish bilan bevosita bog‘liq tushunchaga aylandi. IBM, NeXT, ABC, UPS va boshqa ko‘plab kompaniyalar dizaynerga mukammal logotiplar uchun minnatdorchilik bildirishadi.

Lui Danziger – grafik dizayner, Polning yaqin do‘sti: «Pol biznesni o‘zgartirdi, u har kimni o‘z qoidalari bilan hisoblashishga majbur qildi, chunki dizayn nafaqat bezak, balki biznesning rivoji uchun asosiy vositadir. Grafik dizayn bilan shug‘ullanadigan har bir kishi Rendning oldida juda katta qarzdor. Axir u grafik dizayner kasbini obro‘li kasbga aylantirgan».

Korporativ uslub va logotip dizayni

IBM

1956 yilda IBM menejyerlari kompaniya logotipini yangilash uchun Polga murojaat qilib, taklif etilgan variantdan mamnun bo‘lishadi, ammo Rend o‘z logotipidan hali ham ko‘ngli to‘lmagan edi. Dizayner ko‘nglidagidek logotipni yaratishi uchun bir necha yil kerak bo‘ldi. IBM logotipi dizayni 1972 yilda mashhur chiziqlarga ega bo‘lgan holda yangilandi.

Keyinchalik, 1990-yillarga qadar Rend IBM bilan ishlashni davom ettirdi. 30 yildan ortiq vaqt davomida Pol kompaniya uchun reklama posterlarini ishlab chiqdi va qadoqlash dizaynini yaratdi.

Foto: paulrand.design

Quyidagi rasm uning IBM uchun yaratgan eng mashhur ishlaridan biri – rebusdir, bunda IBM nomining harflarini ifodalash uchun tasvirlardan foydalanadi.

ABC

Amerikaning yirik televizion kompaniyasi – ABC faoliyatining dastlabki 20 yilida o‘z logotipini doimiy ravishda o‘zgartirgan. Dastlabki logotip radiodan ilhomlanib tayyorlangan, keyingi logotipda AQSh xaritasi paydo bo‘ldi, shundan keyin aylana bilan burgut tasvirlandi va natijada logotip faqat shriftlarga asoslandi.

Foto: paulrand.design

Pol Rend logotipni qayta ishlab chiqdi, u sodda, oson taniladigan va zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi. 1962 yildan beri logotipda hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi.

UPS

1961 yilda Pol Rend kurerlik va logistika xizmatlarini ko‘rsatuvchi UPS kompaniyasi logotipini global miqyosda mashhur qilish uchun yollanadi. Rend yangi dizaynni iloji boricha sodda va esda qoladigan qilib yaratishga harakat qiladi.

Logotip 2003 yilgacha o‘zgarmadi. Rebrending doirasida UPS o‘z logotipini yangiladi va qalqonning tepasidagi qadoqning tasvirini olib tashlab, o‘z faoliyatiga xilma-xillik qo‘shishni maqsad qildi.

NeXT

Foto: paulrand.design

Stiv Jobs Rend bilan bog‘lanib, NeXT kompyuter loyihasi uchun logotip ishlab chiqishni taklif qilgan. Jobs bir nechta logotip variantlarini xohlagan, ammo Pol unga quyidagicha javob bergan:

«Yo‘q. Variant bitta bo‘ladi. Siz menga to‘laysiz, men esa sizning muammongizni hal qilaman. Agar sizga ko‘p variantlar kerak bo‘lsa, bu ish men uchun emas».

Pol Rend murakkab xarakter egasi edi, Jobs uning shartlariga rozi bo‘ldi va natijada dizaynerning grafik ishlariga qoyil qolib, uni «buyuk grafik dizayner» deb ataydi.

Natijada o‘ziga xos logotip yaratildi, buning uchun Rend $100 000 oldi. U Jobsga logotipni yaratish jarayonini bosqichma-bosqich, boshidan to oxirgi versiyasigacha tasvirlab beradigan 100 sahifalik kitob yozish fikri haqida aytadi. Rend har doim mijozlar bilan aloqa qilishdan qochishga harakat qilgan va barcha aytmoqchi bo‘lgan gaplarini kitoblar va bukletlarda tasvirlab berar edi.

Pol Rendning barcha logotiplari

Foto: paulrand.design

Pol Rend hayoti davomida ko‘plab logotiplarni yaratdi, quyida barcha eng mashhur logotiplari to‘plangan.

«Avvalo, logotip kompaniyaning identifikatsiyasi va uni anglash vositasi rolini bajaradi. Yaxshi logotipning samaradorligi – uning originalligi, zamonga moslashuvchanligi, ko‘rinishi, esda qolishi, tushunish oson bo‘lishi va uzoq umr ko‘ra olishi bilan bog‘liq». (Pol Rend)

O‘qituvchilik

Rend ijodga qo‘shimcha ravishda, o‘qitishga ham e'tibor qaratgan. U Yale School of Art maktabida grafik dizayn professori sifatida dars bergan. U doim qiziquvchilarni o‘qitishim, o‘z bilimim bilan bo‘lishishim kerak, deb hisoblagan.

Bundan tashqari, Rend quyidagi kitoblarni ham yozgan: "Dizayn: shakl va tartibsizlik", "Dizayn haqidagi fikrlar", "Dizaynerning mahorati", "Men biladigan ko‘p narsa", "Laskodan Bruklinga".

Shaxsiy hayot

 

Pol Rend ikki marta, Enn Binkli (1949 yildan 1960 yilgacha) va Marion Svanni Rend (1975 yildan 1996 yilgacha) bilan turmush qurgan. Uning yolg‘iz qizi Ketrin Rend otasi haqida shunday deydi:

«Men uning qizi ekanligimdan g‘ururlanaman. Men uni juda sevardim va doim men bilan faxrlanishini istardim. Dadam men bilgan eng zukko, ijodkor, istarali va murakkab odam edi». (Ketrin Rend – Polning qizi)

Pol umrining so‘nggi yillarini uyda, kitob yozish bilan o‘tkazgan. 1996 yilda 82 yoshida saraton kasalligidan vafot etdi.

Quyida Pol Rend keyingi avloddagi izdoshlariga qoldirgan ba'zi muhim maslahatlarini sanab o‘tamiz:

  • San'atni o‘rganing, chunki bu – dizaynning asosidir.
  • Logotipning rolini ortiqcha baholab yubormang
  • Har doim logotip taqdimotini qiling.
  • Original bo‘lishga urinmang, faqat yaxshi bo‘lishga harakat qiling.

Suxrob Sharipov tarjimasi.
Telegram'dagi «Iqtisodiyot bazasi» kanalidan olindi.