O‘zbekiston | 13:20 / 07.09.2020
11255
2 daqiqa o‘qiladi

Samara viloyatidagi maxsus lagerda o‘zbekistonlik 3 mingdan ortiq muhojir yashamoqda - OAV

Uyga qaytmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik uch mingdan ziyod muhojir hozir Samara viloyatidagi maxsus vaqtinchalik lagerda bo‘lib turibdi, deb xabar beradi «Exo Moskvi» radiosi.

O‘zbeklar milliy-madaniy jamiyati kotibi Yodgor Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik muhojirlar Kinel shahri yaqinida joylashgan maxsus lagerga kelishda davom etmoqda. 

6 sentabr kuni Rossiyadan 900 nafar muhojirni olib chiqib ketgan navbatdagi poyezd yo‘lga chiqdi. Poyezdga chiqish qat'iy ravishda O‘zbekiston bosh konsulligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatlar bo‘yicha amalga oshirilmoqda. 

Ammo, Yodgor Usmonovning aytishicha, so‘nggi kunlarda lagerda poyezd chiptalarini juda baland narxda - 30 ming rublga (400 dollar atrofida) sotayotgan olibsotarlar ham paydo bo‘lgan.

Migrantlar Kinelga o‘ninchi avgustdan kelishni boshladi. Vatanga ketmoqchi bo‘lib, ular temir yo‘l stansiyasida poyezd kutishgan. Rasmiylar suv va elektr energiyasi bo‘lgan maxsus vaqtinchalik lager tashkil qilguncha, ular perronning o‘zida matraslar va qo‘lbola chodirlarda yashashdi.

Umuman olganda, so‘nggi haftalarda Kinel stansiyasidan 4 mingga yaqin muhojir bo‘lgan to‘rtta poyezd O‘zbekistonga jo‘nab ketdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 avgust kuni Rossiyaning Samara shahridan 925 nafar o‘zbekistonlik poyezdda Toshkentga olib kelindi

25 avgust kuni esa, Rossiya va Qozog‘iston tomoni bilan kelishuvga binoan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ poyezdi 918 nafar fuqaro bilan “Kinel” stansiyasidan O‘zbekistonga jo‘nadi

Shuningdek, 4 sentabr kuni Samaradan 922 nafar o‘zbekistonlik poyezdda Samarqandga olib kelindi.

Mavzuga oid