O‘zbekiston | 18:29 / 07.09.2020
9387
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston O‘zbekistonga elektr energiyasi eksportini tiklashi mumkin

Tojikiston Afg‘onistonga elektr energiyasini tikladi. Asia-Plus nashri xabar berishicha, Tojikistonning «Barqi Tojik» energiya xolding kompaniyasi qo‘shni Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berishni qayta tiklagan.

Kompaniya «Norak» suv omborini to‘ldirish va energiya ta'minoti bilan bog‘liq vaziyat yaxshilangani tufayli Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni qayta tiklagan.

«Ayni paytda Afg‘onistonga har kuni 1,3 million kilovatt soatgacha elektr energiya uzatilmoqda. Biz imkoniyat bo‘lishi bilanoq ushbu mamlakatga elektr energiya yetkazib berish hajmini yana oshirishga harakat qilamiz», degan kompaniya matbuot xizmati rahbari Nozir Yodgori.

Shuningdek, «Barki Tojik» O‘zbekistonga elektr energiyasini yetkazib berishni qayta tiklash masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.

Tojikiston joriy yilning iyul oyida tog‘ daryolaridan yetarli miqdorda suv kelmagani va «Norak» suv omborida suv sathi kamayib ketgani tufayli elektr energiyasi eksportini to‘xtatgan edi. 3 sentabr kuni suv ombori to‘ldirilgani ma'lum bo‘ldi.

«Barqi tojik» kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning olti oyida Afg‘onistonga 546,6 million kVt/soat elektr energiyasi, O‘zbekistonga esa 358,3 million kVt/soat elektr energiyasi eksport qilgan.

2019 yilda esa Tojikiston Afg‘onistonga 1 milliard 458,2 million kVt/soat (60,6 million dollar), O‘zbekistonga esa 1 milliard 425,1 million kVt/soat (28,5 million dollar) elektr energiyasini eksport qilingan.

Mavzuga oid