Fan-texnika | 23:53 / 11.09.2020
7141
2 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya sababli qiynalib qolgan McLaren bosh qarorgohini sotmoqchi

Foto: McLaren

Bosh qarorgohning sotilishi kompaniya tomonidan moliyaviy qiyinchiliklar sababli ko‘rilayotgan yagona chora emas. McLaren may oyida 1200 ish o‘rnini qisqartirgandi.

McLaren kompaniyasi koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan moliyaviy qiyinchiliklar tufayli o‘zining Uoking shahrida (Buyuk Britaniya) joylashgan bosh qarorgohini sotishga qaror qildi. Bu haqda Autocar nashri xabar bermoqda.

Nashrning yozishicha, kompaniya Colliers ko‘chmas mulk savdosi firmasiga tegishli so‘rov bilan chiqqan. McLaren o‘z qarorgohini sotishdan 200 mln funt sterling mablag‘ni qo‘lga kiritishni rejalashtirgan. 

Uokingdagi bosh qarorgoh 2004 yilda qurilgan va uchta bino: texnik markaz, ishlab chiqarish binosi hamda rejalashtirish markazidan iborat. Agarda xaridor topilgudek bo‘lsa, McLaren bu obektlarga nisbatan mulk huquqini yo‘qotadi. Ammo kompaniya ko‘chib ketishni o‘ylamayapti, buning o‘rniga binoning yangi egasi bilan ijara shartnomasi tuzishni rejalashtirgan.

Bosh qarorgohning sotilishi kompaniya tomonidan moliyaviy qiyinchiliklar sababli ko‘rilayotgan yagona chora emas. McLaren may oyida 1200 ish o‘rnini qisqartirgandi – bu barcha xodimlarning chorak qismidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi. Kompaniya shuningdek, Bahrayn milliy bankidan 150 million funt sterling kredit olgan.

Kompaniya moliyaviy qiyinchiliklarni COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘lamoqda. Koronavirus epidemiyasi sababli butun dunyoda avtosport bo‘yicha musobaqalar bekor qilindi hamda yangi mashinalar ishlab chiqarish to‘xtab qoldi. Bundan tashqari, yirik bozorlarda avtomobillar savdosi tushib ketgan.

Mavzuga oid