O‘zbekiston | 08:11 / 12.09.2020
4612
4 daqiqa o‘qiladi

Butunrossiya ko‘rgazma markazida O‘zbekiston pavilonini saqlab turish direksiyasi tashkil etildi

Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli 2020 yil 29 avgustdagi 527-son qarorida nazarda tutilgan.

Moskva shahridagi Butunrossiya ko‘rgazma markazi (BKM) hududidagi 66-pavilon O‘zbekistonga 49 yilga ijaraga berilgan. Yil yakuniga qadar pavilonni rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlarini nihoyasiga yetkazishlari kerak, shundan keyin unda "O‘zbekiston Respublikasi ko‘rgazma-madaniy markazi" ochiladi. U yerda «Made in Uzbekistan» milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi, noyob muzey eksponatlari va kolleksiyalari taqdimoti, zamonaviy san'at va hunarlar ko‘rgazmasi rejalashtirilmoqda.
 
Norma’ning yozishicha, ekspozitsion markazni saqlab turish va undan foydalanish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi "InterForum" DUK tarkibida maxsus direksiya tashkil etiladi. Ta'sis hujjatlarini Rossiya qonunchiligiga muvofiq tayyorlaydilar va tasdiqlaydilar, direksiya Moskva shahrida joylashadi.
 
Direksiyaning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari:

  • ko‘rgazma-yarmarka faoliyatini amalga oshirish;
  • madaniy-ommaviy va konsert tadbirlarini tashkil etish;
  • mamlakatning sayyohlik salohiyatini oshirish, xalqaro ko‘rgazmalarda mahalliy turoperatorlarni keng reklama qilish;
  • keng ko‘lamdagi reklama ishlarini amalga oshirish, shu jumladan, xalqaro madaniy, sanoat va sayyohlik ko‘rgazmalarini o‘tkazish to‘g‘risida xorijiy foydalanuvchilar uchun ochiq bo‘lgan axborot manbalari orqali tashkil etilayotgan tadbirlarda, avvalambor, O‘zbekistonning obro‘sini, shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni samarali targ‘ib qilishni ta'minlash;
  • MDH davlatlari va boshqa mamlakatlardan potensial xorijiy xaridorlarni xalqaro madaniy, sanoat va turistik ko‘rgazmalari hamda yarmarkalariga keng jalb qilishni amalga oshirish;
  • vazirliklar va idoralarga BKM hududidagi ekspozitsion markazda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan ko‘rgazma va yarmarkalarni o‘tkazishda metodik yordam ko‘rsatish;
  • O‘zbekiston iqtisodiyoti va infratuzilma sohalarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish uchun RFning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarini hamda ilg‘or texnologiyalarini jalb qilishga ko‘maklashish;
  • mahalliy tovarlar va xizmatlar eksporti hajmini oshirish, Rossiya bozoriga mahalliy mahsulot va xizmatlarning uzoq muddatli eksport qilinishi hisobiga o‘zaro savdo tovarlari nomenklaturasini kengaytirishga ko‘maklashish.

Direksiya xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan, binolar (maydonlar) va inshootlarni ijaraga berishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari, XMI, XHMTning mablag‘lari va RFning qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Zarur hollarda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, TIV hamda ularning tarkibiga kiruvchi idoraviy mansub tashkilotlarning budjetdan tashqari mablag‘lari sarflanadi.
 
"InterForum" DUK - O‘zbekiston ijaraga olgan pavilonda xalqaro anjumanlar, ko‘rgazma-yarmarkalar, forumlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha yagona muvofiqlashtiruvchi organ. 2 oy muddatda ekspozitsion markazni O‘zbekistonning zamonaviy madaniyati va tarixi to‘g‘risidagi materiallar va eksponatlar bilan jihozlashadi. Eksponatlar - axborot materiallari va mahsulot namunalari - har yarim yilda yangilab boriladi.
 
Hujjat 29.08.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid