O‘zbekiston | 18:59 / 12.09.2020
25378
7 daqiqa o‘qiladi

«Vazirlik raqamlarni yashirishdan umuman manfaatdor emas» – Furqat Sanayev koronavirus statistikasiga shubhalar bo‘yicha izoh berdi

Bugungi kunning eng bahsli, ko‘pchilik e'tiroziga sabab bo‘layotgan axborotlaridan biri bu koronavirusga chalinganlar, davolanayotganlar soni, ayniqsa, bu kasallik tufayli kelib chiqayotgan o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha raqamlardir.

Shu kunlarda «Xalq so‘zi» gazetasining onlayn nashrida ham «Bor holatni yashirishdan kim manfaatdor — O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirganlarning aniq soni qancha?» sarlavhali maqola e'lon qilingan, unda Qashqadaryo viloyati misolida Sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat miqyosida e'lon qilinayotgan faktlar bir-biriga mos kelmayotgani bildirilib, rasmiy statistika shubha ostiga olingan edi.

Vaziyatga oydinlik kiritish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev bilan bevosita suhbat uyushtirdik.

– Furqat aka, tan olish kerak, rasmiy statistikaga ko‘pchilik shubha bilan qarayapti. Bu boradagi fikrlarni o‘zingiz, qolaversa rahbariyat bilan kuzatib boryapsizlarmi?

– Albatta, faoliyatimiz davomida aholi orasida, xususan virtual olamda kechayotgan muhokamalarni kuzatish muhim o‘rin tutadi. Bugun ayrim ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusdan davolanayotganlar soni Sog‘liqni saqlash vazirligi berib borayotgan rasmiy statistikadan ko‘ra ko‘proq ekani haqida aytilmoqda.

Bir narsani boshidanoq aytishni istardim – SSV raqamlarni yashirishdan umuman manfaatdor emas. Qolaversa, shaxsan davlat rahbarining o‘zi bu borada aniq ma'lumot berish zarurligini alohida eslatib qo‘ygan. Biz ham davlat rahbarini, ham xalqni aldab nima qildik?

Endi bevosita shubhalar tug‘ilishi sabablarini yana bir bor eslatib o‘tsam.

Eng avvalo, shuni bilishimiz kerak, koronavirus bilan bog‘liq statistikaga faqat maxsus laborator tibbiy tekshiruvlar orqali kasalligi tasdiqlangan bemorlargina kiritiladi.

Kasallikning ayrim simptomlari mavjud bo‘lib, kasallik gumon qilingan, lekin infeksiya tasdiqlanmagan, shuningdek, pnevmoniyaga chalingan yoki unga ham gumon qilingan bemorlar, tabiiyki, umumiy rasmiy statistikada hisobga olinmaydi. Ammo yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan va yurtimizning qator hududlarida tashkil etilgan Saralash va taqsimlash markazlarida bunday bemorlar ham statsionar sharoitda davolanishlari uchun zarur sharoitlar muhayyo qilingan. Hozirda ular shunday maskanlarda davolanishmoqda.

– Lekin raqamlar baribir o‘z so‘zini aytyapti, aynan o‘sha markazlardagi bemorlar soni ancha yuqoriligi ko‘z yumib bo‘lmaydigan fakt.

– To‘ppa-to‘g‘ri. Biz ham bu faktdan ko‘z yumish istagida ham emasmiz. Yuqorida aytganimday hududlardagi saralash va taqsimlash markazlarida davolanayotgan bemorlar soni o‘sha joydagi koronavirusdan kasallanganlarning rasmiy sonidan ortiq ekani ham muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Mamlakatimizdagi Saralash va taqsimlash markazlari o‘z nomidan ham ma'lum, koronavirusga taxmin qilingan yoki uning alomatlari bo‘lgan bemorlarni qabul qiladi. Kasallik tasdiqlansa ular darhol rasmiy statistikada qayd etiladi va yuqumli kasalliklar shifoxonalariga yo‘naltiriladi. Tabiiyki, u yerda koronavirus tasdiqlanmagan, lekin boshqa kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar ham juda ko‘p. Shularning hisobiga shifoxonalardagi bemorlar soni koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning vazirlik e'lon qilayotgan rasmiy miqdoridan farqli ekanini ko‘rish mumkin.

– Alohida masala – o‘limlar bo‘yicha raqamlar. Bu borada ikkita asosiy e'tiroz bor. Birinchisi, bir kishi aynan koronavirusdan o‘lgani aniq, kasallik ham qayd etilgan, lekin bu hol o‘sha kunga rasmiy statistikaga tirkalmaydi. Ikkinchisi, kasallik fakti ma'lum, lekin o‘lim sababi sifatida boshqa omillar ko‘rsatiladi.

– Har ikki holat bo‘yicha ham batafsil tushuntirish berilgan. Birinchisida, aytaylik bemorning joni 12 sentabr kuni kech soat 20:00da uzildi. U bilan bog‘liq hujjatlar rasmiylashtirilguncha, marhumning jasadi belgilangan tartibda o‘rganilib, pataloganatom xulosalari olinguncha keyingi kunga o‘tiladi. Raqamlar viloyatlar miqyosida to‘planadi va rasmiy hujjat sifatida markazga uzatiladi. Markazda ham ma'lum muddat davomida to‘planib, hisob-kitob qilinib, shundan keyingina rasmiy va umumiy statistika e'lon qilinadi.

Endi o‘sha bemor atrofida vaziyatni bevosita kuzatib turganlar darhol kechagi statistika bilan tanishadilar (chunki ular bu borada aniq ma'lumotga egalar va xabarlarni kuzatib turadilar) va o‘zlariga tegishli bemor aks etmaganini ko‘rib, ijtimoiy tarmoqlarda shubha-gumonlarini oshkor qilishni boshlaydilar. Holbuki, bu bemor keyingi kun statistikasida aks etadi, lekin ungacha nog‘ora qoqqanlar keyinchalik «andak shoshibmiz» deyishni, tabiiyki, unutishadi.

Yana bir jihat – o‘lim holatini qayd etishning ham o‘z qonun-qoidalari bor. Kimnidir o‘lgan deb qayd etish bir qancha o‘rganishlarga asoslanadi va ma'lum vaqt talab qiladi. Bu borada ham (ayniqsa mashhur shaxslar bilan bog‘liq holatlarda) shoshma-shosharlik bilan axborot e'lon qilish va ma'lumotlar ziddiyati ko‘p kuzatiladi.

Ikkinchisi, o‘lim sababi bo‘yicha e'tirozlarga ham aniq javob bor. Tibbiyotda o‘limni qayd etishning umumjahon qabul qilingan qoidalari mavjud. Koronavirusning o‘zi bemorni bevosita o‘ldirmaydi! Bemor shu virus yuqishidan kelib chiqayotgan asoratlar tufayli nobud bo‘lishi mumkin va bu borada yakuniy hujjat murdani yorib ko‘rgan pataloganatom xulosasiga asosan beriladi.

Ya'ni, o‘lim sababi sifatida «o‘pka, jigar, yurak yetishmovchiligi» degan atamalar e'lon qilinsa, darhol shuni ko‘rsatib ayyuhannos solish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

So‘zim yakunida xulosa sifatida bir narsani ta'kidlamoqchiman – vazirlikka bemorlar sonini yashirishdan naf yo‘q. Oddiy mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydiku bu? Bir odamning bu dunyoni tark etishi uning atrofidagi, oilasidagi o‘nlab insonlarning qayg‘usiga sabab bo‘ladi. Ularning g‘amini oshirib, biz baraka toparmidik?! Davlat bemorlar soniga ko‘ra resurs ajratadi, biz o‘zimiz aniq raqamlarni yashirib, o‘zimizga muammo qilishimizning nima keragi bor? Shunday ekan, bunday murakkab vaziyatda o‘zaro ishonch asosida ishlash juda muhim.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid