Fan-texnika | 11:06 / 13.09.2020
21785
22 daqiqa o‘qiladi

«Chin mo‘jizasi» turkumidan: Xitoy kompaniyalari so‘nggi o‘n yilda smartfonlar bozorini qanday zabt etdi?

Foto: mydrivers

O‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilligi va yangi asrning dastlabki o‘n yilligi tom ma'noda mo‘jizalarga boy davr bo‘ldi. Internet kashf etilishi, mobil aloqaning keskin taraqqiy etishi, undan so‘ng smartfonlar evolyutsiyasi dunyoni keskin o‘zgartirib yubordi. Ayniqsa, smartfonlar paydo bo‘lishi va ommalashishi fan-texnika sohasida jiddiy inqiloblarni amalga oshirdi. Endi, odamlar uydan chiqmagan holda smartfon yordamida aksariyat yumushlarini bajara oladi. To‘g‘ri, internet yordamida uyda o‘tirib smartfon yordamida bajariladigan ishlarni kompyuter yoki noutbukda ham bajarsa bo‘ladi. Lekin bunda smartfonlar o‘z qulayligi bilan kompyuterlar va noutbuklardan ancha afzal hisoblanadi. Axir uni cho‘ntakka ham solib ketaversa bo‘ladida!

Smartfonlar tarixi
Smartfon so‘zi inglizcha smartphone so‘zidan olingan bo‘lib, u «aqlli telefon» ma'nosini beradi. Bu terminni ilk marta mobil telefonlar ishlab chiqaradigan Ericsson kompaniyasi muomalaga kiritgan. Kompaniya 2000 yilda yangi Ericsson R380s modelini ishlab chiqara boshlaydi va uni «smartfon» deb ataydi. Bu model o‘sha paytda eng ixcham uyali aloqa vositasi edi. Boshqalar ishlab chiqarayotgan mobil qurilmalar «yarimta g‘isht» shaklida va og‘irligi ham salmoqli bo‘lganda, ushbu qurilmaning og‘irligi «atigi» 164 gramm bo‘lgan. Ishlab chiqaruvchilar bu qurilmani smartfon deb atashgani bilan u oddiy mobil telefonlardan atigi 2-3ta oshiqcha funksiyasi bilan ajralib turgan, xolos.

Shundan so‘ng, uyali aloqa vositasi ishlab chiqaradigan kompaniyalar o‘zlari ishlab chiqarayotgan mobil telefonlarni mukammallashtirish yo‘lida «poyga boshlashdi». 2001 yilda Nokia kompaniyasi Nokia 9210 modelini, biroz o‘tib Nokia 7650 modelini ishlab chiqara boshladi. 2002 yildan poygaga Microsoft, Siemens, shuningdek, ikki kompaniya qo‘shilishi natijasida paydo bo‘lgan Sony Ericsson va yana bir qator kompaniyalar qo‘shildi. Keyinroq mobil qurilmalar ishlab chiqarish bozoriga asta-sekinlik bilan Xitoy kompaniyalari ham kirib kela boshladi.

Smartfonlar bozorida inqilob yuz berishi
2007 yilda Apple kompaniyasi o‘zining ilk iPhone smartfonlarini sotuvga chiqaradi. Ushbu qurilma o‘sha paytda smartfonlar bozorida juda katta shov-shuvga sabab bo‘ladi va mahsulotlar muvaffaqiyat bilan sotiladi. O‘sha yilda Google kompaniyasi Linux yadrosi bilan dastlabki Android platformasini yaratadi. 2008 yilda Apple kompaniyasi iPhone 3G qurilmasini ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu qurilma dunyoning 70ga yaqin mamlakati bozorlarida katta muvaffaqiyatga erishadi. Aynan shu model tufayli Apple kompaniyasi o‘sha yili dunyo mobil qurilmalar savdosida 5 foizlik o‘sish qayd etadi.

T-Mobile G1 / Photo:Angela Lang/CNET

2008 yilda Android bazasida ilk smartfon — T-Mobile G1 (HTC Dream) ishlab chiqarila boshlanadi. Shundan so‘ng, oradan biroz o‘tib, 2009 yilda Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi Android bazasida Samsung Galaxy (GT-I7500) rusumidagi ilk smartfonlarini ishlab chiqara boshlaydi. Samsung Galaxy nomi ostida ishlab chiqarilgan turli modellardagi telefonlar mobil qurilmalar bozorida iPhone smartfonlaridan so‘ng ikkinchi inqilobga sabab bo‘ladi. Shu tariqa, smartfonlar bozorida Apple va Samsung kim o‘zarga poyga boshlaydi. O‘sha paytda, bir kun kelib Xitoy kompaniyalari bu ikki taniqli kompaniya uchun smartfon bozorida jiddiy raqobat tug‘dirishini hech kim taxmin ham qilmasdi.

O‘shanda Apple va Samsung kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan sifatli smartfonlar mobil qurilmalar bozorida uzoq yillar gegemonlik qilgan Finlyandiyaning Nokia kompaniyasini tom ma'noda «sindirgandi». Nokia o‘zi ishlab chiqarayotgan smartfonlarni yangilash va ularni Apple va Samsung kompaniyalari taqdim etayotgan smartfonlar darajasida taqdim etish ishlarini ortga surib yubordi va shu tufayli bozordagi mavqeyini AQSh va Janubiy Koreya kompaniyalari foydasiga yo‘qotdi.

Raqobatga Xitoy smartfonlari ham qo‘shilishi
2007 yilda Apple iPhone smartfonlarini, 2009 yilda Samsung Galaxy smartfonlarini bozorga chiqarar ekan, Xitoy kompaniyalari ham qo‘l qovushtirib o‘tirmasdan smartfon ishlab chiqarishni boshlab yuboradi va dunyoning asosiy ikki kompaniyasi bilan raqobatga kirishadi. Ular orasida Lenovo, Huawei, ZTE, Xiaomi, HTC kabi kompaniyalar bor edi. Avvaliga Xitoyda ishlab chiqarilgan smartfonlarning sifati ancha past edi. Bir muddatdan so‘ng ularda turli muammolar paydo bo‘lar va tez ishdan chiqardi. Shunday bo‘lsa ham Xitoy kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan smartfonlar juda arzonligi uchun ular dunyo bozorini asta-sekinlik bilan egallay boshladi. Sifat darajasi ham yildan yilga yaxshilanib boraverdi.

2011 yilning 3-choragida Xitoy ilk marta AQShni quvib o‘tib, dunyoda eng ko‘p smartfon ishlab chiqarib sotgan birinchi o‘rindagi davlat bo‘ldi. Shunisi e'tiborliki, AQShda ishlab chiqarilgan smartfonlar dunyo bo‘ylab sotilgan bo‘lsa, Xitoy smartfonlari asosan Xitoyning o‘zida sotilgan. 2011 yilda dunyo bozorida AQShda ishlab chiqarilgan smartfonlardan 23 million dona sotilgan bo‘lsa, Xitoyda ishlab chiqarilgan 24 million dona smartfon sotilgan. O‘sha yili AQShda smartfonlar savdosi 7 foizga kamaygan bo‘lsa, Xitoyda 58 foizga (!) oshgan.

2012 yilda dunyo bo‘ylab 1,5 milliard dona telefon qurilmalari sotiladi va ulardan 990 million donasini smartfonlar tashkil etadi.

2013 yilda dunyo bo‘ylab sotilgan smartfonlar soni ilk marta milliard donadan oshadi. Umumiy savdolarda 313,9 million dona smartfon sotgan Samsung kompaniyasi birinchi o‘rinni oladi. Ikkinchi o‘rinda 153,4 million dona smartfon sotgan Apple kompaniyasi egallaydi. Uchinchi o‘rinni 48,8 million dona smartfon sotgan Xitoyning Huawei kompaniyasi band etadi. To‘rtinchi o‘rinda 47,7 million dona smartfon sotgan Janubiy Koreyaning LG kompaniyasi joylashgan bo‘lsa, beshinchi o‘rinda 45,5 million dona smartfon sotgan Lenovo (bu ham Xitoyniki) kompaniyasi qayd etilgan.

2014 yilga kelib Xitoy kompaniyalari smartfonlar bozorida o‘z o‘rnini yanada mustahkamlay boshlaydi. Masalan, birgina Huawei kompaniyasi smartfon ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini 2013 yildagiga qaraganda 50 foizga oshiradi va 2014 yilda 75 million dona smartfon ishlab chiqaradi. Yosh kompaniyalar orasida Xiaomi 2014 yilda 17 milliontadan oshiq smartfon ishlab chiqarib, eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘ladi. Bu 2013 yilda ishlab chiqarilgan smartfonlarga nisbatan uch barobar ko‘p edi. Xiaomi 2013 yilda smartfon bozorida 2,1 foiz ulushga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2014 yilda 5,3 foiz ulushga ega bo‘ladi.

2015 yilda jahon bo‘ylab smartfon ishlab chiqarish 2014 yildagiga nisbatan 10,3 foizga ortadi va yil davomida 1,3 milliard dona smartfon ishlab chiqariladi. Shundan 40 foizini Xitoy kompaniyalarida ishlab chiqarilgan smartfonlar tashkil etadi. O‘sha yili Xitoy kompaniyalari jami 539 million dona smartfon ishlab chiqargan. Apple va Samsung kompaniyalari ko‘rsatkichi esa 547 million donaga teng bo‘lgan.

2015 yilga kelib dunyodagi smartfon ishlab chiqaruvchi yetakchi o‘nta kompaniyaning yettitasi Xitoy kompaniyalari edi. O‘shanda yil davomida 108 million dona smartfon ishlab chiqargan Huawei kompaniyasi Xitoy kompaniyalari orasida yetakchi bo‘ladi. Samsung kompaniyasi esa aksincha 2014 yildagiga qaraganda 1,8 foiz kam smartfon ishlab chiqaradi va uning jahon bozoridagi ulushi 28 foizdan 25 foizga tushadi.

2016 yilda dunyo bo‘ylab 1,36 milliard dona smartfon ishlab chiqariladi. Shundan 629 million donasi Xitoy kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri keladi va bozorda Xitoy kompaniyalari ulushi 46 foizga yetadi. Samsung va Apple kompaniyalari esa jami bo‘lib 519 million dona smartfon ishlab chiqargandi. Bu kompaniyalarning bozordagi ulushi yanada kamayadi: janubiy koreyaliklar 22,8 foiz, amerikaliklar esa 15,3 foiz ulushga ega edi.

2017 yilda Xitoy kompaniyalari ishlab chiqarish quvvatini yanada oshiradi. O‘sha yili jahon bo‘ylab 1,46 milliard dona smartfon ishlab chiqariladi. Kompaniyalar orasida eng yaxshi natija Xiaomi tomonidan qayd etiladi. Kompaniyaning o‘sish ko‘rsatkichi 2016 yildagiga qaraganda 76 foizga oshgandi. Ushbu kompaniyada ishlab chiqarilgan Redmi Note modelidagi qurilma juda muvaffaqiyatli chiqadi. Shuningdek, Xitoyning yana ikkita komaniyasi Oppo va Vivo ham o‘z ishlab chiqarish sur'atlarini 17,8 va 19,5 foizga oshiradi.

2018 yilda dunyo bo‘ylab 1,41 milliard dona smartfon ishlab chiqariladi. Dunyo smartfon bozorida yetakchi o‘rinlarni egallaydigan to‘rt kompaniyasi Huawei, Oppo, Vivo va Xiaomi 2018 yilda dunyo smartfon bozorida jami 69 foiz ulushga ega edi (2017 yilda 63 foiz). O‘sha yili Xitoyda salkam 1 milliard dona smartfon ishlab chiqarilgan. Chin yurtida eng ko‘p smartfonni Huawei 206 million dona, Xiaomi 122,6 million dona, Oppo 113,1 million dona ishlab chiqaradi.

2019 yilda Huawei kompaniyasi dunyo bo‘ylab smartfonlar ishlab chiqarish va sotish ko‘rsatkichi bo‘yicha ilk marta Apple kompaniyasini quvib o‘tib, Samsung kompaniyasidan so‘ng ikkinchi o‘rinni egalladi. 2019 yilda Samsung jami 295,7 million dona smartfon ishlab chiqardi va dunyo smartfon bozorida 20 foiz ulushga ega bo‘ladi. Huawei 240,6 million dona smartfon ishlab chiqarib 17,6 foiz ulushga egalik qiladi. Apple esa 191 million dona smartfon ishlab chiqargandi - 13,9 foizlik ulush. To‘rtinchi o‘ringa Xitoyning yana bir kompaniyasi Xiaomi joylashdi. Bu kompaniya 2019 yilda 125,6 million dona smartfon ishlab chiqarib sotgan va bozorning 9,2 foiz ulushiga ega bo‘lgan.

Soha mutaxassislarining taxminlariga ko‘ra, yaqin yillarda Xitoy kompaniyalari nafaqat smartfonlar, balki boshqa mobil qurilmalar ishlab chiqarishda ham Apple va Samsung kompaniyalarini bozordan batamom siqib chiqaradi.

Xitoyning eng ko‘p smartfon ishlab chiqarayotgan kompaniyalari

Xiaomi bosh direktori Ley Jun kompaniya flagman smartfonlari - 5G Mi 10 va Mi 10 Pro taqdimotida. Pekin, 2020 yil 13 fevral.

Alkatel OneTouch
2013 yilda Xitoy kompaniyasi fransuzlardan TCL kompaniyasini sotib oldi va uni Alkatel OneTouch deb qayta atadi. O‘shandan beri bu kompaniya ham smartfon ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini davomli ravishda oshirib kelmoqda. Bugun ushbu kompaniyada smartfon ishlab chiqarishda dunyoda o‘ninchi, Xitoyda esa yettinchi o‘rinni egallaydi. Kompaniya 2014 yilda AQSh va Kanadada ommabop bo‘lgan Palm brendini sotib oladi va 2018 yildan shu brend ostida ham smartfonlar ishlab chiqara boshladi.

Coolpad
Ushbu kompaniya 1993 yildan beri faoliyat yuritadi. Kompaniya smartfonlari asosan ichki bozorda sotiladi. U Xitoyda sotilayotgan smartfonlar ko‘rsatkichi bo‘yicha Xioami va Lenovo kompaniyalaridan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Bu kompaniya mahsulotlari Yevropada ham muvaffaqiyatli sotilmoqda.

Gionee
So‘nggi yillarda ushbu kompaniya yiliga 25 million donadan smartfon ishlab chiqarib sotishga erishgan. Albatta, yiliga 400 million dona smartfon ishlab chiqarib sotayotgan Samsung kompaniyasi oldida bu kompaniya ancha kamtar ko‘rinadi. Ammo kompaniya o‘sishdan to‘xtab qolmayapti va keyingi yilda smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyalar orasida kuchli beshlikka kirishni maqsad qilgan. Kompaniya so‘nggi yillarda Xitoydan tashqari Hindiston bozorining ham ancha qismini egallashga muvaffaq bo‘ldi.

Huawei
Ushbu kompaniya bir necha yil davomida smartfon ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha Samsung va Apple kompaniyalaridan so‘ng uchinchi o‘rinda bo‘lib keldi. 2019 yilga kelib vaziyat o‘zgardi va kompaniya smartfon ishlab chiqarib sotish bo‘yicha ilk marta Apple kompaniyasini ortda qoldirib ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Joriy yilning ikkinchi choragi hisobotiga ko‘ra ham kompaniya smartfonlar savdosi bo‘yicha Samsung kompaniyasini ortda qoldirib, dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi. Kompaniya oxirgi yillarda G5 tizimida ishlaydigan smartfonlar ishlab chiqarishga ham katta e'tibor beryapti.

Lenovo
Ushbu kompaniya 1983 yilda boshqa nom ostida tuzilgan va 2003 yilda hozirgi nomini olgan. Kompaniya uzoq yillar shaxsiy kompyuterlar va noutbuklar ishlab chiqarishda yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lib kelmoqda. 2013 yilda kompaniya smartfon ishlab chiqarishni boshladi va 2014 yilda AQShning Google konsernidan Motorola kompaniyasini 2,9 milliard dollarga xarid qiladi. Shundan so‘ng smartfon ishlab chiqarishni kengaytirgan kompaniya bugun smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyalar orasida 9-o‘rinni egallaydi.

OnePlus
Ushbu kompaniyani 2013 yilda Xitoyning yana bir taniqli Oppo kompaniyasida vitse-prezident bo‘lib ishlagan Pit Lau tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya qisqa vaqt mobaynida smartfonlar bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Ushbu kompaniya ham nafaqat Xitoy bozorida, balki Hindiston bozorida ham ancha mashhur. Shuningdek ushbu kompaniya mahsulotlari AQShda ham mashhur bo‘lib bormoqda. Ushbu kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan OnePlus 7 Pro smartfoni 2020 yilda ishlab chiqarilayotgan eng yaxshi 7ta smartfoni ro‘yxatidan joy oldi.

Oppo
Ushbu kompaniya ham nisbatan ancha yosh hisoblanadi. U 2001 yilda tashkil etilgan. 2011 yilda kompaniya o‘zining ilk smartfonlarini ishlab chiqara boshlagan. 2019 yilda kompaniya umumiy bozorda 120,2 million dona smartfon sotib beshinchi o‘rinni egalladi. 2013 yilda kompaniya xalqaro bozorga chiqqan. Joriy yilda kompaniya 5G tarmog‘ini rivojlantirish uchun Yevropadagi eng yirik uyali aloqa kompaniyalaridan biri bo‘lgan Vodafone kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlik haqida shartnoma imzoladi.

Tecno
Ushbu kompaniya ham nisbatan yosh kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya 2006 yilda tashkil etilgan. Barcha kompaniyalar dunyoning rivojlangan davlatlaridagi bozorlarni egallash payida bo‘lganida Tecno ulardan farqli ravishda 2008 yilda Afrika bozorini egalashga kirishadi. 2012 yilda ilk smartfonni ishlab chiqargan kompaniya mahsulotlari bugun Xitoydan ko‘ra Afrikada, shuningdek Hindiston, Pokiston va Bangladesh kabi mamlakatlarda mashhurroq. Darvoqe, TECNO Mobile Angliyaning «Manchester Siti» jamoasi bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolagan. Kompaniya bugun smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o‘ntaligidan o‘rin olgan.

Xiaomi
Ushbu kompaniya 2010 yilda ish boshlaganiga qaramasdan, bugun nafaqat Xitoyda, balki jahonda smartfon ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Xiaomi’ning qisqa muddatda juda tez suratlar bilan muvaffaqiyat qozonishida kompaniyaga 2013 yilda Google Android’ning sobiq vitse-prezidenti Hyugo Barra taklif etilishi bo‘lgan. Braziliyalik mutaxassis 2017 yilgacha Xiaomi’ning Xitoy va butun Osiyo uchun mahsulot ishlab chiqaradigan bo‘limini boshqargan. Bugun Xiaomi o‘z mahsulotlarini butun dunyo bo‘ylab sotyapti. Kompaniya yildan yilga ishlab chiqarish quvvatini va jahon smartfon bozoridagi ulushini ko‘paytirib bormoqda. Kompaniya 2019 yil ko‘rsatkichlariga ko‘ra dunyodagi smartfon ishlab chiqaruvchi va sotuvchi kompaniyalar orasida to‘rtinchi o‘rinni egallagan.

ZTE
Ushbu kompaniya AQShga smartfon yetkazib beradigan kompaniyalar orasida 4-o‘rinda turadi. 2016 yilda kompaniya smartfon ishlab chiqarish va sotish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Xitoyda 5-o‘rinda, dunyo bo‘yicha esa 8-o‘rinni egallagan.

Yuqoridagi kompaniyalar nafaqat Xitoyda, balki dunyo smartfon bozorida yuqori o‘rinlarda turuvchi kompaniyalar hisoblanadi. Ulardan tashqari Xitoyda yana ko‘plab o‘rta va kichik kompaniyalar smartfon ishlab chiqaryapti. Mutaxassislarning taxminlariga ko‘ra, Xitoy yaqin yillarda dunyo smartfon bozorida mutlaq yetakchilik qila boshlaydi. Bunda so‘nggi yillarda tashkil etilgan va bugun smartfon bozorida o‘z o‘rnini topishga urinayotgan yangi kompaniyalarning ham hissasi katta bo‘ladi.

Ular safiga Vivo, Meizu, Umi, Elephone, Smartisan, Mlais, No.1 kabi kompaniyalarni qo‘shish mumkin.

2020 yil ko‘rsatkichlari
2020 yilning birinchi choragida koronavirus tarqalishi ortidan e'lon qilingan karantin tufayli dunyo bo‘ylab boshqa sohalarda bo‘lgani kabi smartfonlar savdosida ham keskin pasayish kuzatildi. 2019 yilning birinchi choragida dunyo bo‘ylab 330,4 million dona smartfon sotilgan bo‘lsa, joriy yilda 299,1 million dona smartfon sotilgan. Xitoylik smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bu yil ham Samsung va Apple kompaniyalari bilan jiddiy raqobat qilmoqda. Joriy yilning birinchi choragida Samsung dunyo bo‘ylab jami 58,3 million dona smartfon sotgan va umumiy bozorning 21 foiz ulushiga ega bo‘lgan. Ikkinchi o‘rinni Huawei egallagan. Ushbu kompaniya 2020 yilning birinchi choragida dunyo bo‘ylab jami 48,5 million dona smartfon sotgan (18 foizlik ulush). Uchinchi o‘rinda Apple joylashgan. Kompaniya 39,2 millon dona smartfon sotishga muvaffaq bo‘lgan (14 foizlik ulush). Keyingi o‘rinni Xiaomi egallagan - kompaniya dunyo bo‘ylab 27,5 million dona smartfon sotishga erishgan. Qizig‘i, ushbu kompaniya 2019 yilning birinchi choragida ham 27,5 million dona smartfon sotgan va umumiy bozorda 8,3 foiz ulushga ega bo‘lgandi. Bu yil boshqalarning natijasi pasayishi hisobiga bozordagi ulush 10 foizga chiqqan. Ro‘yxatda beshinchi o‘rinni Xitoyning yana bir kompaniyasi OPPO egallagan. Bu kompaniya 2020 yilning birinchi choragida dunyo bo‘ylab 22,6 million dona smartfon sotishga erishgan va umumiy bozorning 8,2 foiziga egalik qilgan.

2020 yilning ikkinchi choragida Huawei smartfonlar bozorida birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Kompaniya ikkinchi chorakda 58,8 million dona smartfon sotgan – bu bozordagi ulushning 20 foiziga teng. Ikkinchi o‘rinda 53,7 million dona smartfon sotgan Samsung (bozor ulushining qariyb 20 foizi) joylashgan. Keyingi o‘rinlarda Apple 37,5 million dona (14 foizlik ulush), Xiaomi 26,5 million dona (10 foizlik ulush) va OPPO 24,5 million dona (9 foizlik ulush) smartfon sotgan.

Kelajakda...
Soha mutaxassislarining taxminlariga ko‘ra, yaqin kelajakda Xitoy kompaniyalari smartfon bozorining 80 foiz ulushini egallashi mumkin. Qolgan 20 foizlik ulush Samsung va Apple kompaniyalari o‘rtasida taqsimlanadi. Bunday taxmin bildirilishiga sabab shuki, Xitoyda ishchi kuchi arzonligi tufayli bu mamlakatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tannarxi dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxiga nisbatan 2-3 barobar arzon bo‘ladi. Buning ustiga Xitoyning o‘zi ham qariyb 1,4 milliard aholisi bilan ulkan bozor hisoblanadi. Qolaversa, Xitoy kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan smartfonlarning sifati yildan yilga yaxshilanib boryapti. Shu omillar hisobiga bundan buyog‘iga ham Xitoy kompaniyalarining smartfon ishlab chiqarish va sotish ko‘rsatkilari yanada oshib boraverishi, Samsung va Apple kompaniyalarida esa, aksincha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari pasayib ketaverishi taxmin qilinmoqda. To‘g‘ri, Samsung va Apple kompaniyalari ham o‘z ishlab chiqarish korxonalarini ishchi kuchi arzon bo‘lgan mamlakatlarga ko‘chirishi mumkin. Ammo, baribir narx masalasida ular Xitoy kompaniyalari bilan raqobatlasha olmaydi.

Xulosa
Bir paytlar mobil qurilmalar bozorida Nokia gegemonlik qilib yurganida hech kim oradan bir necha yil o‘tib bu sohada Xitoy kompaniyalari yetakchi o‘rinlarga chiqishini taxmin ham qilmagan. Dunyoda iqtisodiy rivojlangan davlatlar ko‘p. Ammo ular orasida faqat Xitoy tadbirkorlari kelajakni o‘z vaqtida ko‘ra olishdi va mobil qurilmalari, jumladan smartfon ishlab chiqarish uchun o‘z sarmoyalarini tikishdi. Bugun o‘sha sarmoyalar o‘zini oqlayapti va natijada Xitoy kompaniyalari smartfon bozorida yetakchilikni qo‘lga olishdi. 7 milliarddan oshiq aholi yashaydigan Yer yuzida insonlar uchun muhim bo‘lgan smartfonlarning asosiy qismining Xitoyda ishlab chiqarilishining o‘zi ham Xitoy mo‘jizalaridan biri hisoblanadi. Nima dedingiz?

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid