Jamiyat | 15:10 / 16.09.2020
16795
2 daqiqa o‘qiladi

Tashkent City’da karantin qoidalarini buzgan holda to‘y tashkil etgan fuqaro jarimaga tortildi

Tadbirni tashkillashtirgan fuqaro Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasiga ko‘ra jarimaga tortildi. 

Internetda Toshkent shahar Shayxontohur tumanida amaldagi sanitariya-epidemiologiya talablarini buzgan holda o‘tkazilgan to‘y tadbiri haqida ma'lumotlar tarqadi.

Poytaxt IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, foto va videolardagi mehmonlar soni 50dan oshgan. 

“Koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq yuqori xavf sharoitida bunday ishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, - deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, SEX ishchilari tomonidan mazkur fakt asosida tadbirni tashkillashtirgan 32 yoshli Vohidjon I. O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasiga ko‘ra jarimaga tortildi. Unga EKIHning 5 baravari miqdorida jarima belgilandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu to‘y tadbiri xonanda Vohidjon Isoqov tomonidan tashkillashtirilgani aytiladi.

“Hurmatli hamshaharlar va Toshkent mehmonlari! Sanitariya-epidemiologiya talablariga jiddiy qarashingizni so‘raymiz. Turli marosimlar o‘zingizni va yaqinlaringizni hayotini xavf ostiga qo‘yish uchun sabab bo‘la olmaydi”, - deyiladi IIBB ma'lumotda.

Bundan oldin, Toshkentda karantin qoidalarini buzgan holda to‘y tashkil etgan fuqaroga chora ko‘rilgandi.

Mavzuga oid