Mavsum bo‘sag‘asida: gripp va O‘RVIdan qanday himoyalanish kerak?
Sovuq tusha boshlashi bilan nafas yo‘llarining yuqumli kasalliklari avj ola boshlaydi. Immunitet mustahkamligini saqlab qolish muhim bo‘lgan hozirgi pandemiya sharoitida bunday kasalliklarga ro‘baro‘ bo‘lmaslik uchun nimalarni bilish kerak?
Sovuq mavsumda uchraydigan asosiy yuqumli kasalliklar bu – gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya) sanaladi. O‘xshash jihatlari ko‘p bo‘lsa-da, bu ikkisi boshqa-boshqa kasallik.
Gripp – yuqumli respirator kasallik, qo‘zg‘atuvchisi – gripp virusi. Qishda va erta bahorda ko‘p kuzatiladi.
O‘RVI – o‘tkir respirator virusli infeksiyalar guruhi. Bu guruhga respirator-sinsitial infeksiya, rinovirus, adenovirus va yuqori nafas yo‘llarining boshqa infeksiyalari kiradi.
Har ikki kasallik ham havo-tomchi yo‘li orqali va bemor bilan kontaktga kirishganda yuqadi. Ikkovining belgilari juda o‘xshash, ammo gripp xavfliroq.
O‘RVIning asosiy belgilari:
- burun bitishi;
- tomoqdagi og‘riq va yo‘tal;
- aksirish.
Grippning asosiy belgilari:
- bir necha kun davom etuvchi yuqori isitma;
- tananing qaqshab og‘rishi;
- yaqqol namoyon bo‘luvchi holsizlik.
Har ikki kasallikda ham yo‘tal, bosh og‘rig‘i va holsizlik kuzatiladi.
O‘RVI va grippning namoyon bo‘lishidagi asosiy farq – grippda tana haroratining keskin ko‘tarilishi kuzatiladi.
O‘RVI o‘z vaqtida to‘g‘ri davolansa, asoratlarsiz kechadi. Ammo grippning og‘ir shakllarida asoratlar, xususan, pnevmoniya yuzaga kelishi mumkin.
Gripp og‘ir shaklga o‘tmasligi va asorat qoldirmasligi uchun quyidagi holatlarda shifokorga murojaat qilish shart.
Bolalarda – nafas olishning tezlashishi, rangparlik yoki teridagi ko‘kimtirlik, suv ichishdan bosh tortish, uzoq vaqt uxlash, jizzakilik, ozgina tuzalishdan keyin kasallik belgilarining birdaniga qaytalanishi, toshma bilan kechuvchi isitma kuzatilsa.
Kattalarda – nafas olishning qiyinlashuvi va nafas yetishmovchiligi, ko‘krak va qorin qismidagi og‘riq, to‘satdan kuzatiluvchi bosh aylanishi, kuchli va davomli qusish, tafakkurning xiralashuvi, kasallik yengillasha boshlaganda yana belgilarning paydo bo‘lishi.
Gripp va O‘RVI yosh, jins, irq tanlamagan holda barcha uchun birdek xavflidir. Shunga qaramay, uni yuqtirishda asosiy xavf guruhiga quyidagilar kiradi:
- 65 yoshdan oshgan keksalar;
- kichik yoshdagi bolalar;
- homiladorlar;
- yurak-qon tomir kasalliklari, astma, qandli diabet va boshqa surunkali kasalligi bo‘lganlar;
- immuniteti zaiflashgan kishilar (saraton, OIV infeksiyasi).
Kasallikning kechishi
Virusli yuqumli kasalliklarning inkubatsion (belgilarsiz) davri 2–5 kun davom etishi mumkin. Keyin esa kasallikning klinik belgilari yaqqol ko‘zga tashlana boshlaydi.
Kasallikning kechish darajasi bemorning yoshi, immuniteti, xastalik qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan virusga nisbatan antitanachaning bor-yo‘qligiga bog‘liq.
Qanday himoyalanish mumkin?
Shaxsiy gigiyena
Ko‘plab kasalliklar kir qo‘llardan boshlanadi. Eshik tutqichlari, jamoat joylaridagi ochiq yuzalarga tekkandan so‘ng qo‘llarni sovunlab yuvish, antiseptikdan foydalanish muhim.
Shuningdek, bemor odam bilan kontaktda bo‘lish ham kasallik yuqishining asosiy yo‘llaridan biri. Shu bois gripp belgilari ko‘rinib turgan shaxs bilan aloqaga kirishmaslik, uni yakkalash maqsadga muvofiq.
Burunni chayish
O‘tkir respirator virusli infeksiyalar havo-tomchi yo‘li bilan yuqishi bois burun bo‘shlig‘i kasallik uchun darvoza vazifasini bajarishi mumkin.
Shuning uchun kasallik mavsumida burunni chayib turish maqsadga muvofiq. Bir litr qaynatilgan suvga 1 oshqoshiq osh tuzini eritib, shu suv bilan burunni chayish kerak. Bunda: suv kaftga olinib burunning bir teshigi bilan nafas orqali tortiladi. Keyin suv tortilgan teshikni barmoq bilan yopib, nafas chiqarish orqali ikkinchi teshikdan suv chiqarib tashlanadi.
Niqob taqish
Ko‘cha-ko‘yda O‘RVI bilan kasallanganlar aksirganda, yo‘talganda havoga tarqaluvchi viruslarga nishon bo‘lmaslik uchun mavsum chog‘ida jamoat joylarida niqobda yurish tavsiya etiladi. Imkoni boricha jamoat joylarida yurmaslik esa eng yaxshi profilaktika.
Nam tozalash
Viruslar quruq va issiq muhitda yaxshi rivojlanadi. Shu bois xonada vaqti-vaqti bilan nam tozalash ishlarini olib borish, shamollatish kerak.
Va albatta, sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik, o‘z vaqtida uyqu rejimiga rioya qilish profilaktikaning ajralmas qismidir.
Vaksina
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mavsumiy yuqumli kasalliklardan, xususan, grippdan himoyalanishda eng yaxshi vosita sifatida emlashni tavsiya etadi. Mavsum avvalida grippga qarshi vaksina olish uni yuqtirish ehtimolini 90 foizga, og‘ir kechish ehtimolini esa 60 foizga qisqartiradi. Emlashning kuzning avvalida olish maqsadga muvofiq, chunki kasallik keng tarqalgan davr noyabr-mart oylariga to‘g‘ri keladi.
Davolanish
Har bir organizm individual va kasallikni o‘ziga xos tarzda kechiradi.
Mavsumiy gripp va O‘RVIni davolashda quyidagi umumiy tavsiyalarga rioya etish muhim:
- Yotoq rejimiga qat'iy rioya qiling.
- Ko‘proq suyuqlik (qaynatilgan suv, limonli/malinali/asalli choy) iching.
- Tana haroratini doimiy nazorat qilib turing.
- Taomnomaga e'tibor qarating: S, A, Ye, D3 vitaminlari va beta-karotinga boy mahsulotlarni ko‘proq iste'mol qiling. Bular: sitrus mevalari, qizil bulg‘or qalampiri, brokkoli karami, karam, na'matak, rezavor mevalar, baliq, jigar, sariyog‘, tuxum sarig‘i, sabzi, ismaloq, qovoq, yong‘oq, o‘simlik moylari.
- Ishtahangiz bo‘lmasa ham ovqatlaning.
- Bemor yotgan xona tez-tez shamollatilishi va nam tozalash ishlari olib borilishi kerak.
Qanday dorilarni qabul qilish borasida esa oilaviy shifokoringiz bilan maslahatlashgan holda ish tuting!
Mavzuga oid
21:30 / 20.12.2024
«Sog‘lom oziq-ovqat» ta’rifi yangilandi - endi u nimani anglatadi?
21:59 / 18.12.2024
Dunyodagi birinchi Fertilo bola tug‘ildi
21:06 / 16.12.2024
Ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar pandemiya darajasiga yetdi – tadqiqot
15:14 / 13.12.2024