O‘zbekiston | 08:12 / 18.09.2020
11329
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zdavtemiryo‘lnazorat» davlat inspeksiyasi sobiq boshlig‘i Bahodir Yusupov vafot etdi 

«O‘zdavtemiryo‘lnazorat» davlat inspeksiyasining sobiq boshlig‘i Bahodir Yusupov 75 yoshida vafot etdi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» xabar berdi.

Bahodir Yusupov 1945 yil 22 iyunda tavallud topgan. 1968 yilda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini tamomlagan. Ilk mehnat faoliyatini O‘rta Osiyo temir yo‘li Toshkent teplovoz zavodining oddiy ishchisi sifatida boshlab, tizim tasarrufidagi qator korxona va tashkilotlarda turli lavozimlarda, shu jumladan, muovin va keyinchalik rahbarlik lavozimlarida halol mehnat qildi. 

Shuningdek, mustaqillik yillarida O‘zbekiston temir yo‘llari boshqarmasida boshqaruv raisining o‘rinbosari, so‘ng birinchi o‘rinbosari-bosh muhandis lavozimlarida samarali faoliyat yuritdi.

B.Yusupov «Mustaqillik», «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 10 yilligi» esdalik nishonlari, «Faxriy temiryo‘lchi» belgisi hamda «Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan transport xodimi» faxriy unvonlariga sazovor bo‘lgan.

«Mehnat faoliyati davomida temir yo‘l tizimini rivojlantirishda va sohani ulkan yutuqlarga erishish yo‘lida butun umrini baxshida etdi.

O‘z kasbining fidoyisi, faxriy temiryo‘lchi, tashkilotchi rahbar Bahodir Yusupovning vafoti munosabati bilan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ marhumning oila a'zolariga va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi», - deyiladi xabarda.

Mavzuga oid