O‘zbekiston | 00:18 / 18.09.2020
47879
4 daqiqa o‘qiladi

Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida noyob qor qoploni paydo bo‘ldi - video

Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ida o‘rganishlar chog‘ida yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan qor qoploni hamda oq tirnoqli Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i fotoqopqonda qayd etilgan.

Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ining kichik ilmiy xodimi Akbar Rustamovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, joriy yilning 2 iyul kuni milliy bog‘ hududiga o‘rnatilgan fotoqopqonga O‘zbekiston va jahon «Qizil kitob»iga kiritilgan qor qoploni ikki bor tushib qolgan.

O‘sha kuni ertalab soat 05:56da, so‘ngra soat 10:44 da qor qoploni fotoqopqon oldidan o‘tgan.

 

Yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan tur, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (TMXI) qizil ro‘yxatiga kiritilgan Ilvirs (qor qoploni) — (ruscha: snejnyy bars (irbis), inglizcha: Snow Leopard) — G‘arbiy Tyan-Shan, G‘arbiy Pomir-Oloy tizmalarida, O‘zbekistondan tashqarida Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, G‘arbiy Sibir janubi, Mo‘g‘uliston, Xitoy, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Nepal, Butanda tarqalgan.

U tog‘larning o‘rta va yuqori (dengiz sathidan 2500–4500 m balandlikda) qismida yashaydi. Havza ayirg‘ichlari hamda qoyali tosh-sochma qiyaliklarni afzal ko‘radi.

Ularning soni doimo kam bo‘lgan. So‘nggi o‘n yilliklar davomida soni uzluksiz kamaymoqda. 1980–1990 yillarda Hisor qo‘riqxonasida 5–11, 1970–1980 yillarda Chotqol qo‘riqxonasida 1–3 tasi hisobga olingan. Hozirda jami, taxminan 30–50 tani tashkil etadi.

Oqshomda faol, kunduzi qorlarga, qoyalar orasiga berkinib yotadi. Ikki yilda bir marta bolalaydi. Juftlashish davri – fevral-martda. Iyunda bolalaydi (1 tadan 5 tagacha). Bolalari 1–1,5 yoshgacha onasidan ajralmaydi, 2-3 yilda jinsiy voyaga yetadi. Yovvoyi tuyoqlilar, ba'zan kemiruvchilar bilan oziqlanadi. Tog‘ bo‘ylab yovvoyi tuyoqlilar ortida yuqoriga va pastga mavsumiy ko‘chib yuradi. Umri uzunligi — 21 yilgacha.

Baland tog‘ yaylovlarining o‘zlashtirilishi, ozuqa manbalarining kamayishi, ozuqa manbalarining kamayishi, brakonerlik qor qoplonining kamayishiga sabab bo‘lmoqda.

U hozir dunyoning hayvonot bog‘larida ko‘paytiriladi. Uni ovlash taqiqlangan. Hisor, Zomin, Chotqol qo‘riqxonalari va Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ida muhofaza ostiga olingan. CITES'ning 1-ilovasiga kiritilgan.

Shuningdek, o‘tgan yili 15 avgustda Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ida oq tirnoqli Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘ining ham fotosuratlari fotoqopqonlarga tushgan.

Ushbu ayiq ham O‘zbekiston va jahon «Qizil kitob»iga kiritilgan bo‘lib, CITES'ning ikkinchi ilovasida turadi.

Qayd etish joiz, fotoqopqonlar Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i BMT Taraqqiyot dasturining «Global ahamiyatga ega bioxilma-xillikni muhofaza qilish maqsadida tog‘li hududlarda o‘rmonlardan va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va boshqarish» loyihasi bilan hamkorlikda o‘rnatilgan.

Mavzuga oid