Jamiyat | 18:05 / 19.09.2020
23137
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoydan olib kelingan kislorod konsentratorlariga Qo‘qondagi korxona yorlig‘ini yopishtirib sotayotgani haqida xabarlarga izoh berildi

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi “Greyt Qo‘qon” MChJ korxonasi kislorod konsentratorlarini Xitoydan olib kelib, o‘zining yorlig‘ini bosib sotayotgani haqida xabarlarga izoh berdi

Viloyat hokimligining Telegram-kanalida e'lon qilingan rasmiy munosabatda “Greyt Qo‘qon” MChJ kislorod konsentratorini Xitoy Xalq Respublikasidan to‘liq sotib olib kelmagani, balki “MIC Medisal Co.Ltd” kompaniyasi bilan imzolangan shartnomaga ko‘ra O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan konsentratorning 40 foiz qismi (kislorodni ajratuvchi filtrlar, sensorli boshqaruv tizimi va kompressor) Xitoydan import qilinayotgani, so‘ngra “Qo‘qon” EIZda yig‘ilayotgani ta'kidlangan.

«Shu bilan birga konsentratorning 60 foiz qismi ( korpuslar, turli o‘lchamdagi elektr uzatish kabellari, havo uzatuvchi shlanglar, o‘chirib yoqish qurilmalari, suv quyish idishi va turli o‘lchamdagi bolt va shruplar, qadoqlash qutisi va pena) kooperatsiya usulida O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarish korxonalaridan sotib olib yig‘ilmoqda...

Bugungi kunda Xitoyda 5 litrlik kislorod konsentratorlarning narxi 300-400 AQSh dollari miqdorida bo‘la turib, bizning korxonamizda yig‘ilayotganining narxi 290 AQSh dollarini tashkil etmoqda. Agar biz kislorod konsentratorini Xitoy Xalq Respublikasidan tayyor holda olib keladigan bo‘lsak, yo‘l xarajatlari, bojxona boji va qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovlari bilan 300-400 AQSh dollarlik mahsulotlar 355-470 AQSh dollarga tushadi. Biz mahsulotni olib kelib, shuncha sarf xarajatlarni to‘lab, mahsulotimizni 60 yoki 180 AQSh dollari miqdoridagi zararga sotishimiz kerak bo‘ladi», – deyiladi bayonotda.

Mavzuga oid