O‘zbekiston | 15:44 / 21.09.2020
42800
6 daqiqa o‘qiladi

«Chiroqchi voqeasi». Tuman IIBning sobiq xodimlariga sud hukmi o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi binosida besh nafar sobiq IIB xodimiga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud o‘z nihoyasiga yetdi.

2020 yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Langar qishlog‘ida yashovchi fuqaro chorva mollari o‘g‘irligida gumon qilinib, tuman IIB xodimlari tomonidan qattiq kaltaklanishi oqibatida vafot etgan edi. 

Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, sudlanuvchilar N. Ovlayev (1989 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan), A. Janqabilov (1985 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan), Sh. Rahmonov (1978 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan), A. Tojinorov (1994 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan) va B. G‘ayratov (1995 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan)ga nisbatan sud hukmi e'lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi K. Tolliboyev raisligida hamda sudyalar E. Ergashev va R. Orziqulovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining 2020 yil 21 sentyabrdagi hukmiga ko‘ra:

N. Ovlayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismi, 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 3-qismi va 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil 6 oy ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

A. Janqabilov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi, 235-moddasi 3-qismi va 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sh. Rahmonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan aybsiz deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 3-bandiga asosan oqlandi. Sh. Rahmonovning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismidan shu moddaning 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlariga qayta kvalifikatsiya qilindi. Sh. Rahmonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

A. Tojinorov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismining “d” bandi bilan aybsiz deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 3-bandiga asosan oqlandi. A. Tojinorovning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismidan shu moddaning 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlariga qayta kvalifikatsiya qilindi. A. Tojinorov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

B. G‘ayratov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.

Mavzuga oid