O‘zbekiston | 18:32 / 21.09.2020
28591
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bu yil talaba bo‘layotgan har o‘n abituriyentdan biri xususiy OTMda o‘qiydi

2020/21 o‘quv yilida O‘zbekistondagi OTMlarga qabul qilinayotgan talabalarning 10 foizga yaqini nodavlat muassasalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Ta'lim inspeksiyasi matbuot kotibi Shavkat Xo‘jaqulov 21 sentabr kungi matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Anjumandan so‘ng Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan inspeksiya rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, joriy o‘quv yilida bitiruvchilarning oliy ta'lim bilan qamrovi darajasi 28 foizdan oshishi taxmin qilinmoqda.

«Oliy ta'limni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida oliy ta'limda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida 2030 yilgacha oliy ta'lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish rejalashtirilgan.

Shu yilgi o‘quv yilida esa oliy ta'lim bilan qamrov darajasi 28,4 foiz atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda», – dedi Shavkat Xo‘jaqulov.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda bitiruvchilarni oliy ta'limga qamrab olish darajasi 2019 yilda 20 foizdan oshgan, 2020 yilda esa bu ko‘rsatkichni 27 foizdan oshirish reja qilingandi.

Mavzuga oid