O‘zbekiston | 18:39 / 23.09.2020
6680
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident Markaziy Osiyo davlatlarining global transport yo‘laklariga integratsiyasini ta'minlash zarurati haqida gapirdi

Prezident BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi chiqishi vaqtida Markaziy Osiyo davlatlarining global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyasini ta'minlash zarurligi haqida gapirib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif etdi.

«Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mintaqasida tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Biz mintaqa davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch, do‘stlik va hurmat muhitini yaratishga erishdik.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusga asosan muntazam o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari umumiy yutug‘imiz bo‘ldi. 

Oxirgi to‘rt yilda O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi salkam besh barobarga o‘sdi.

Mamlakatlarimiz ushbu sinovli kunlarda bir-birini yolg‘iz qoldirmasdan, o‘zaro yelkadosh bo‘ldilar.

Bugun Markaziy Osiyo davlatlari oldida muhim strategik vazifa turibdi. U ham bo‘lsa, mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyasini ta'minlashdir. 

Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif etamiz.

Bugungi kunda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta'minlash sohasida ham samarali hamkorlik olib borilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global antiterror strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Biz ushbu strategiya doirasidagi Mintaqaviy qo‘shma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani o‘tkazish tarafdorimiz.

Ma'lumki, mintaqamizning ko‘hna va boy madaniy merosi global ahamiyatga ega. Biz 2021 yilda  YuNeSKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida «Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida» degan mavzuda xalqaro forumni o‘tkazishga tayyormiz», dedi prezident.

Prezident sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta'minlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilayotganini ta'kidlab o‘tgan.

«Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu borada muhim qonun hujjatlari qabul qilinib, mustaqil tuzilma – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. 

Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlar jadal davom ettirilmoqda. Biz birinchi marta kambag‘allikni kamaytirish haqidagi qat'iy qarorimizni ochiq e'lon qildik.Bunga tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, odamlarni yangi kasb-hunarlarga o‘rgatish va aholiga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish orqali erishmoqdamiz.

Mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadi. Respublikamizda har bir yigit-qizning jamiyatda munosib o‘rin egallashi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat ko‘rsatmoqda», degan prezident.

Shuningdek, bugungi kunda mamlakatdagi demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus olgani ta'kidlangan.

«Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarimiz natijasida yangi O‘zbekiston  shakllanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi.

O‘tgan yili parlamentga o‘tkazilgan saylovlar aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining ta'siri oshganini namoyish etdi.

Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda. Yangi parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko‘paydi.

Inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay o‘zgardi. Majburiy  va bolalar mehnati to‘liq tugatildi. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqaroligi bo‘lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig‘iga javoban shu yilning o‘zida 50 ming yurtdoshimizga O‘zbekiston fuqaroligi berildi. Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilandi. Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash biz uchun doimiy muhim vazifadir», dedi davlat rahbari.

 

Mavzuga oid