Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida chiqish qildi
Bugun, 23 sentabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida chiqish qildi. Unda davlat rahbari mintaqa va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini ta'minlash kabi masalalarda o‘z tashabbuslarini ilgari surdi.
O‘zbekiston rahbari ilk marta BMTda o‘zbek tilida nutq so‘zladi.
Boshqa siyosatchilar kabi O‘zbekiston prezidenti ham o‘z nutqini koronavirus pandemiyasi mavzusidan boshladi.
«Bunday global falokat sayyoramizda so‘nggi yuz yilda kuzatilmagan edi. Bu ofat butun insoniyatning zaif jihatlarini yaqqol ko‘rsatdi. Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar o‘zaro bog‘liq ekanini, o‘rtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik o‘ta muhimligini isbotladi.
Shu yo‘lda barchamiz hukumatlar, parlamentlar va fuqarolik jamiyatlarining o‘zaro sa'y-harakatlarini birlashtirish, umumiy mas'uliyat tamoyillarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikni muvofiq holda rivojlantirish, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish lozimligini chuqur angladik.
Maqsadimiz – har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini ta'minlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir.
Bu borada biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etamiz. Ushbu hujjatda har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozim», dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekistonda koronavirus qayd etilgan dastlabki kunlardan boshlab barcha sa'y-harakat va resurslar bu xavfli kasallikni jilovlash va eng asosiysi – odamlar hayotini saqlab qolishga qaratilgani ta'kidlangan. Pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish uchun ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash tizimlari keskin kuchaytirilayotgani, aholiga, iqtisodiyot tarmoqlari va biznesga manzilli ko‘mak ko‘rsatilayotgani, shu maqsadda maxsus jamg‘armalar tuzilgani qayd etib o‘tilgan.
Prezident fursatdan foydalanib, sinovli damlarda beg‘araz yordam ko‘rsatgan barcha do‘st va hamkorlarga chuqur minnatdorlik izhor etgan.
«Biz xalqaro hamjamiyatning pandemiyaga qarshi samarali kurashish bo‘yicha barcha harakatlarini, jumladan, zarur dori-darmon hamda vaksinalar ishlab chiqish va ulardan keng foydalanishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Shuningdek, Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblarining bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan sammitni o‘tkazish bo‘yicha taklifini ma'qullaymiz», degan davlat rahbari.
Mavzuga oid
16:16 / 24.12.2024
O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlari telefon orqali suhbatlashdi
09:27 / 24.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga tashrif buyuradi
20:43 / 23.12.2024
Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi
13:58 / 20.12.2024