O‘zbekiston | 16:18 / 29.09.2020
43963
5 daqiqa o‘qiladi

Covid-19’ga qayta chalinish mumkinmi? – Mutaxassis aholi orasida tarqalgan xabarlar bo‘yicha izoh berdi

Hozircha koronavirus infeksiyasidan qayta zararlanish holati rasman tasdiqlanmagan. Mutaxassisning aytishicha, qayta kasallanish holati kuzatilgan taqdirda ham kasallik ancha yengil kechadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nurmat Otabekov bilan bog‘lanib, koronavirus infeksiyasiga qaytadan chalinish holatlari haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan izoh oldi.

«Ushbu savolga javob berishdan avval dunyo hamjamiyatida bo‘layotgan voqea va hodisalarga e'tibor qaratsak maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Ba'zi davlatlarda ushbu kasallik bilan qaytadan kasallanish ehtimoli borligi, hatto ikkinchi marta kasallangan bemorlar qayd etilgani haqida ma'lumotlar uchrab turibdi. Lekin bugungi kunda aniq aytishimiz mumkinki, kasallikning o‘ninchi kunidan boshlab bemorda Covid-19’ga qarshi mukammal immun tizimi shakllana boshlaydi. O‘z tasdig‘ini topgan yana bir jihat shuki, kasallikni og‘irroq boshdan kechirgan insonda shakllangan immun tizimi ancha mustahkamroq bo‘ladi. 

Qolaversa, dunyoda yoppasiga hammada Covid-19 qaytadan qayd etilishi to‘g‘risida birorta ham asoslangan ilmiy ma'lumot yo‘q.

Covid-19 yangi kasallik bo‘lib, uni to‘liq o‘rganish bo‘yicha izlanishlar hali oxiriga yetgani yo‘q. Ammo kasallikni boshdan o‘tkazgan odamda uni ushbu kasallikdan keyinchalik ham himoya qilishga qodir immunitet shakllanishi to‘g‘risidagi asosli ma'lumotlar kishini quvontiradi. 

Agar shu kasallikning mutatsiyaga uchragan virusi bilan yoki aynan Covid-19 bilan uzoq muddatdan keyin yana ro‘baru keladigan bo‘lsak ham, immun tizimi xotirasida ushbu kasallikka qarshi antitanachalar ishlab chiqarilgani haqida axborot mavjud bo‘ladi.

Ushbu antitanachalar kasallik bilan kurasha oladi. Demak, hatto ikkinchi marta Covid-19 qayd etilsa ham, u juda yengil kechishi mumkin. Ya'ni immun tizimi xotirasida antitanachalar ishlab chiqarilgani haqida axborot borligi – kasallikdan tezda sog‘ayib ketish ehtimolini yuzaga keltiradi.

Odam xotirasidan ko‘p narsa chiqib ketishi mumkin, lekin immun tizimi xotirasidan hech qachon hech narsa chiqib ketmaydi. Hatto kasallikdan keyin hosil bo‘lgan antitanachalar titri kam bo‘lsa ham, ular kasallik bilan kurasha oladi», degan Nurmat Otabekov.

Mutaxassis koronavirus bemor organizmida uzoq vaqt saqlanib qolishi ham mumkinligini aytib o‘tgan.

«Aholi orasidagi suhbatlar davomida ikki marta Covid-19 bilan kasallanganini aytayotganlarni ham uchratib turibmiz. Agar shu kabi holatlar laboratoriyada Covid-19 virusi borligi tasdiqlangan taqdirda ham, biz bunga bitta kasallik bilan ikkinchi marta kasallandi, degan fikr bilan qarashimiz kerak emas. Buni shu bilan izohlash mumkinki, kasallik yuqtirib olgan organizm undan to‘liq tuzalib ulgurmagan yoki laboratoriya tekshiruvlarida test sistemalar bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Covid-19 bir odamda uzoq muddat saqlanib qolish ehtimoli yo‘q emasligini ham unutmasligimiz lozim. Aytaylik, bemor davo kursini qabul qilib bo‘lgach, tahlil o‘tkazilganida manfiy natija qayd etilgan va u o‘zini sog‘aygan deb hisoblagan. Aslida esa tuzalmagan. Keyinchalik musbat natija qayd etilishi bemorda qaytadan kasallandim, degan fikr shakllanishiga asos bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Covid-19’ni ikkinchi marta yuqtirib olish holati to‘liq isbotlanishi uchun genom darajasida taqqoslash o‘tkazish kerak bo‘ladi. Ya'ni quyidagi savolga javob topishimiz lozim: bemorda kasallikni yana aynan o‘sha virus chaqirdimi yoki boshqa bir virusmi? Birinchi va ikkinchi holatda genom (irsiyat) darajasida solishtirish o‘tkazish orqaligina bemor Covid-19’ni qaytadan yuqtirib oldi, degan fikrga kelishimiz mumkin.

Covid-19 bilan ro‘baro‘ kelganimizga qariyb bir yil bo‘lyapti, u to‘g‘risida kuzatuvlar hali juda kam. Balki bir muddat o‘tgandan so‘ng aniq xulosalar aytishimiz mumkin bo‘lar. Yoki vaqt o‘tishi bilan immun tizimi ko‘rsatkichlarida ham birmuncha pasayish, susayish kabi alomatlar kuzatilishi mumkin. Balki biz Covid-19 shtammi bilan chaqirilgan kasallikdan keyin to‘liq turg‘un immunitet shakllantirarmiz, balki bu yo‘nalishda emlash tadbirlari yordam berar.

Hozircha kuzatuvlar muddati juda kam. Hali hosil bo‘lgan immun tizimi necha yilgacha davom etishi bo‘yicha aniq prognozlar qilish qiyin. Lekin shu epidemik mavsumda bir marta kasallangan odam ikkinchi marta kasallanish ehtimoli yo‘q», degan shtab a'zosi.

Mavzuga oid