O‘zbekiston | 15:51 / 29.09.2020
19206
8 daqiqa o‘qiladi

Maxsus komissiya nega jim? «Yuksalish» umummilliy harakati koronavirus masalasida mas'ullarga savollar bilan yuzlandi

«Pandemiya paytida sog‘liqni saqlash tizimiga va bir qator davlat idoralariga mamlakat rahbariyati va fuqarolar tomonidan kart-blansh (keng vakolatlar) berildi, […] biroq hozircha munosib samara va natija kuzatilmayapti».

«Yuksalish» umummilliy harakati koronavirusga qarshi kurash tadbirlari bo‘yicha asosli e'tirozlar borligini bildirib, mas'ullarga bir nechta savollar bilan murojaat qildi.

Umumilliy harakat bayonotiga ko‘ra, 6 oydan ortiq vaqt davomida ijobiy natijalarga erishilgan bo‘lsa-da, ko‘rilayotgan choralarning samaradorligi bilan bog‘liq savollar jamoatchilik orasida tobora ko‘payib bormoqda, bu esa fuqarolarda qabul qilinayotgan qarorlarga ishonchsizlik ortishiga sabab bo‘lmoqda.

«Birinchidan, COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanish va o‘lim holati statistikasi qanchalik ishonchli?

Albatta, mamlakatdagi epidemiologik vaziyat haqida kunlik ma'lumotlar e'lon qilinmoqda. Masalan, Sog‘liqni saqlash vazirligining 29 sentabr (soat 10:00) holatiga ko‘ra, 56 068 nafar kishida kasallik qayd etilgan. Ularning 52 466 (94 foizi) nafari davolanib chiqqan, hozirda tibbiyot muassasalarida 3 139 nafar bemor davolanmoqda.

Ammo uyda davolanayotgan bemorlarning umumiy soni-chi? Agar tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlar bor-yo‘g‘i 3 139 nafar bo‘lsa, nega hali ham shifoxonalarda joy yetishmayotgani haqida xabarlar kelmoqda va zudlik bilan yangi joylar tashkil etilmoqda? Masalan, birgina Toshkentda qo‘shimcha ravishda 10 000 ta yotoq o‘rinlari tashkil etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi bir hafta davomida o‘lim holati to‘g‘risida umumiy axborot bermayapti, kunlik statistik ma'lumot bilan cheklanmoqda xolos. Bu ma'lumotlarga fuqarolar shubha bilan qarayotgani kuzatilmoqda.

Pnevmoniya va uning natijasida bo‘layotgan o‘lim holatlari bo‘yicha statistika ham aniq emas. Vaholanki, JSST mamlakatlarni ushbu ikki ko‘rsatkichni birlashtirishga da'vat etdi. Masalan, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda koronavirus va koronavirus pnevmoniyasidan o‘lim statistikasi alohida e'lon qilinmoqda.

Ikkinchidan, aholining koronavirusga test topshirish qamrovi ta'minlanmoqdami, tahlil natijalarini qanchalik tez olish imkoni bor va ularga ishonish mumkinmi?

Davlatimiz rahbari 15 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida koronavirusga o‘z vaqtida test topshirish va uning natijalarini ertasi kuni olish uchun mavjud imkoniyatlarni safarbar qilishga topshiriq bergan edi. Biroq COVID-19ga test topshirish va uning javoblarini o‘z vaqtida olish qiyinligi haqida shikoyatlar haligacha jamiyatning kun tartibida turibdi.

Bundan tashqari, test tahlili natijalari ham ishonchsizlikka sabab bo‘lmoqda. Kuni kecha Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi O‘zbekistondan Koreyaga uchinchi mamlakat orqali uchib borayotgan fuqarolarimiz qo‘lida PZR-test natijasi manfiy bo‘lgan ma'lumotnoma bo‘lishiga qaramay, COVID-19ga namuna olinganda, boshqa mamlakatlarga nisbatan natijalar ko‘proq ijobiy chiqayotgani haqida ma'lum qildi. Elchixona xabarida, shuningdek, ba'zi fuqarolarimiz PZR-testining salbiy natijasi haqidagi ma'lumotnomalarni soxtalashtirayotgani yoki salbiy test natijasini olish uchun shifoxonada qasddan noto‘g‘ri test o‘tkazilishiga erishishayotgani yoxud uchinchi davlat tranzit hududida kasallikni yuqtirib olayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Uchinchidan, koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha maxsus shtab tarkibiga qaysi shaxslar, shu jumladan qaysi mutaxassislar kiritilgan?

Prezidentimizning joriy yil 29 yanvardagi farmoyishiga binoan, Bosh vazir boshchiligida O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tuzildi. Komissiya 25 kishidan iborat bo‘lib, ularning ro‘yxati farmoyishning ilovasida keltirilgan. Ammo koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tuzilgan maxsus shtab takibida kimlar borligi noma'lumligicha qolmoqda.

To‘rtinchidan, mamlakatdagi epidemiologik vaziyat, navbatdagi to‘lqinga tayyorlik, vaksinalar sotib olish choralari to‘g‘risidagi hisobotlarni nega Respublika maxsus komissiyasi taqdim etmayapti?

Misol uchun, O‘zbekistonning ikkinchi to‘lqinga tayyorligi to‘g‘risida sog‘liqni saqlash vaziri yoki ushbu sohaga mas'ul bosh vazir o‘rinbosari emas, mutaxassis darajasidagi shaxslar ma'lum qilmoqda. Bunday muhim bayonotni yuqori kompetensiyaga ega shaxslar tomonidan e'lon qilinishi xabarning ishonchlilik darajasining yuqoriligini ta'minlashi ma'lum.

Umuman olganda, qaror qabul qilish jarayoni qanchalik shaffof? Albatta, bunday favqulodda vaziyatda qarorlar zudlik bilan qabul qilinadi. Hech bir davlatda tayyor retsept mavjud emas. Biroq keyingi «tajriba» ishlamasa, mas'uliyatni kim o‘z bo‘yniga oladi? Dezinfeksiya tunnellari, davolash protokollariga kiritilgan va keyinchalik ulardan chiqarib yuborilgan dori-darmonlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Pandemiya paytida sog‘liqni saqlash tizimiga va bir qator davlat idoralariga mamlakat rahbariyati va fuqarolar tomonidan kart-blansh (keng vakolatlar) berildi, samarali faoliyat yuritishlari uchun sharoitlar yaratildi, shu jumladan o‘z vaqtida moliyalashtirildi va chet ellik mutaxassislar jalb qilindi. Biroq hozircha munosib samara va natija kuzatilmayapti», – deya ta'kidlangan «Yuksalish» bayonotida.

Shu munosabat bilan, «Yuksalish» umummilliy harakati mas'ul idoralar rahbarlarga quyidagi chaqiriqlar bilan chiqdi:

1. Respublika maxsus komissiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda COVID-19 tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risida fuqarolarni to‘liq va xolis axborot bilan ta'minlab borish, xususan, koronavirus infeksiyasi tarqalishining aniq ko‘rsatkichlari va o‘choqlari, uyda davolanayotgan odamlar, vafot etganlar soni ko‘rsatilgan kunlik batafsil hisobotlarni e'lon qilib borish.

2. COVID-19 yuqishi natijasida kelib chiqqan pnevmoniya holatlarini va koronavirus infeksiyasini yaxlit statistik ma'lumotlar ko‘rinishida birlashtirish, shu jumladan pnevmoniyani yuqtirgan va uning oqibatida vafot etganlar sonini taqdim etish.

3. Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha shtab a'zolarining to‘liq ro‘yxatini jamoatchilikka taqdim etish.

4. Fuqarolarni epidemiologik vaziyat haqida xabardor qilishga qaratilgan brifing va matbuot anjumanlarida vazirlik va idoralar rahbariyati darajasidagi vakolatli shaxslar, Respublika maxsus komissiyasi a'zolarining ishtirok etishini ta'minlash.

«Yopiqlik, ayrim masalalar yuzasidan sukut saqlash va noaniqlik vahima, mish-mishlar tarqalishining, axborot makonida feyklar ko‘payishining omillari bo‘lib, pirovardida fuqarolarda hukumatga nisbatan ishonchsizlik ortishiga olib keladi, deb hisoblaymiz.

Davlat rahbari koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishning haqiqiy holati bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha hokim va rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat'iy choralarga olib kelishi mumkinligini ta'kidladi. Ishonchli, xolis, o‘z vaqtida berilgan ma'lumotlar fuqarolarga asosli qarorlar qabul qilishga, o‘zlari va boshqalarning sog‘lig‘ini himoya qilish uchun mas'uliyat bilan yondashishga imkon beradi.

Pandemiya butun dunyoda to‘liq bartaraf etilmas ekan, xotirjamlikka berilib bo‘lmaydi. Barcha yurtdoshlarimizni xushyorlikka, juda ehtiyotkorlik bilan karantin va sanitariya-gigiyena qoidalariga qat'iy amal qilishga chaqirib qolamiz», – deyiladi «Yuksalish» umummilliy harakati bayonotida.

Mavzuga oid