O‘zbekiston | 13:11 / 29.09.2020
5772
5 daqiqa o‘qiladi

Respublika egaligida turgan mulklar nimalardan iborat?

Qonunning maqsadi davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi e'lon qilindi.

Davlat mulkini boshqarish maqsadi davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanish borasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini aniqlash va amalga oshirish uchun davlat mulkini boshqarish, foydalanish va egalik qilish huquqini ro‘yobga chiqarish samaradorligini ta'minlash hisoblanadi.

Davlat mulkini boshqarishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

bozor iqtisodiyotini shakllantirishga ko‘maklashish;

aholining ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish, sog‘ligini saqlash;

jamoat tartibi va davlat xavfsizligini ta'minlash;

davlat qatnashuvi qisqaradigan yoki chiqarib tashlanadigan tarmoq va sohalarda davlat manfaatlarini ta'minlagan holda iqtisodiyotga investitsiyalar, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish uchun maqbul sharoitlar yaratish;

ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani shakllantirish va rivojlantirish;

davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarishning bozor mexanizmlarini yaratish;

davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, ular faoliyati samaradorligini oshirish.

Davlat mulkini boshqarish sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

davlat mulkidan samarali va oqilona foydalanish, uning to‘liq hisobga olinishini ta'minlash;

maxsus vakolatli davlat organi tomonidan davlat mulkini samarali boshqarish bo‘yicha yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

resurslarni samarali taqsimlash orqali jamiyat uchun davlat mulkining qiymatini maksimal darajada oshirish;

uni saqlab qolish mezonlariga mos kelgan davlat mulkiga davlat tomonidan egalik qilinishi;

davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan nazorat va mulkdor funksiyalarini ajratish.

Davlat mulkini boshqarishning prinsiplari qo‘yidagilardan iborat:

qonuniylik;

mustaqillik;

hisobdorlik va nazorat;

ochiqlik, shaffoflik va oshkoralik;

davlat mulkidan jamiyat manfaatlari uchun samarali foydalanish prinsipi;

sog‘lom raqobatni rivojlantirish uchun teng sharoitlarni ta'minlash prinsipi;

“sotib yubor yoki tushuntir” prinsipi;

mulkdor va tartibga soluvchi funksiyalarini ajratish prinsipi.

Davlat mulki respublika egaligida, shuningdek ma'muriy-hududiy tuzilmalar egaligida (munitsipal mulk) turgan mulklardan iborat.

Respublika egaligida turgan mulklar quyidagilardan iborat:

respublika davlat boshqaruvi organlari mulklari, shu jumladan umumiy mulk huquqi asosida davlatga qisman tegishli mulk (ulush yoki birgalikdagi mulk);

respublika ahamiyatidagi madaniy meros obektlari;

respublika budjeti yoki davlatning boshqa mablag‘lari hisobiga yaratilgan yoki sotib olingan mulklar va intellektual mulk obektlari;

respublika ahamiyatiga ega davlat muassasalari mulklari, davlat korxonalari, davlat ulushlari va boshqa davlat mulklari.

Respublika egaligida bo‘lgan davlat mulklarini boshqarish O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Munitsipal mulklar quyidagilardan iborat:

mahalliy davlat hokimiyati organlari tasarrufida bo‘lgan uy-joy va boshqa fondlar, kommunal xo‘jalik;

mahalliy ahamiyatdagi madaniy meros obektlari;

mahalliy davlat hokimiyati organlari mulklari, shu jumladan umumiy mulk huquqi asosida davlatga qisman tegishli mulk (ulush yoki birgalikdagi mulk);

mahalliy budjet yoki mahalliy budjetning boshqa mablag‘lari hisobiga yaratilgan yoki sotib olingan intellektual mulk obektlari;

mahalliy ahamiyatga ega davlat muassasalari mulklari, davlat korxonalari, davlat ulushlari va boshqa davlat mulklari;

tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlari manfaatlariga xizmat qiluvchi mulklar.

Munitsipal mulklarni boshqarish Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Davlat mulkini boshqarish obektlari quyidagilardan iborat:

davlat korxonalari va davlat muassasalari, shu jumladan ular tashkil etilganda berilgan mulk;

davlat ko‘chmas mulk obektlari, shu jumladan mulkiy majmualar;

davlat ulushlari;

O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan davlat mulki;

intellektual mulk obektlari;

qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yiladigan boshqa obektlar.

Davlat nomidan davlat mulkini boshqarish sub'yekti sifatida ishtirok etadilar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;

davlat mulkini boshqarish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi;

operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki biriktirib qo‘yilgan davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari;

davlat ishtirokidagi korxonalarda davlatning vakolatli vakili.

Mavzuga oid