«Savdo diversifikatsiyasi uchun kechiktirilmas choralar ko‘rilishi zarur» – Tojikiston bosh vaziri
29 sentabr kuni Dushanbe shahrida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov Tojikiston Respublikasi bosh vaziri Qohir Rasulzoda bilan uchrashdi.
«Tojikiston va O‘zbekiston ikki tomonlama munosabatlari yuqori darajadagi ishonchdan dalolat beradi. Biz strategik hamkorimiz va ishonchli qo‘shnimiz O‘zbekiston bilan mustahkam aloqalarni qadrlaymiz.
Tabiiyki, ikki tomonlama hamkorlikni bu darajaga yetkazish va shu darajada ushlab turish, avvalo, ikki davlat rahbarlari - Millat peshvosi, Tojikiston Respublikasi prezidenti, hurmatli Imomali Rahmon va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti, hurmatli Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi samimiy, do‘stona va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar tufayli erishilgan.
Fursatdan foydalanib, Tojikiston tomonining Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha «Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisining yuzma-yuz o‘tkazilayotganidan mamnunligini bildiraman. Fikrimizcha, komissiya iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning muhim va samarali omili sifatida faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining bugungi tashrifi joriy yilning sentabr oyida munosabatlarga turtki berish, shuningdek, ikki mamlakat hamkorligini kengaytirish va mustahkamlash borasidagi Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tadbirlarning asosiy bandi sanaladi», degan Tojikiston bosh vaziri.
U muvaffaqiyatli o‘tkazilgan qator chora-tadbirlar ikki tomonning ham munosabatlarni yuqori darajada ushlab turish va kelgusida yanada rivojlantirishga tayyorligining nishonasi ekanini qayd etgan.
Tojikiston bosh vaziri koronavirus tufayli so‘nggi yarim yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi kamayganini aytib o‘tgan.
«O‘tgan uch yil davomida O‘zbekiston bizning tashqi savdo hamkorlarimiz beshtaligida barqaror mavqeni egallab kelmoqda. Tahlillarimizning ko‘rsatishicha, O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi 2015 yildagi 12 million AQSh dollaridan 2019 yildagi 362 million dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich 30 baravarga oshgan.
Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yilning olti oyi davomida O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi hajmi 217 million AQSh dollaridan ziyodni tashkil etgan. Bu esa savdo aylanmasi hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,2 million AQSh dollariga kamayganini ko‘rsatadi. Shubhasiz, bu holat o‘z sabablariga ega bo‘lib, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liqdir.
Tojikistonning xorijiy mamlakatlar bilan umumiy savdo hajmida O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi 7 foizdan ziyodni tashkil etadi. Misol uchun, bu raqam 2016 yilda 1,8 foizga teng edi.
Joriy yilning sakkiz oyida bizning mahsulotlarni eksport qilish hajmi 53 million AQSh dollarini tashkil etgan. Bu Tojikiston eksporti umumiy hajmining 24 foizini o‘z ichiga oladi. Bu davrda O‘zbekistondan mahsulotlar importi 164,4 million AQSh dollarini tashkil etgan.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi eksport-import amaliyotlarida nomutanosiblik mavjudligini qayd etaman. Shu bois, savdo diversifikatsiyasi uchun kechiktirilmas choralar ko‘rilishi zarur.
Bugun tor doiradagi uchrashuvimizda kun tartibidagi masalalar, xususan, transport, energetika, sanoat, savdo, qishloq xo‘jaligi, investitsiya, sog‘liqni saqlash, turizm, ilm-fan, ta'lim va madaniyat yo‘nalishlaridagi dolzarb masalalarni muhokama qildik. Bundan tashqari, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni bajarish bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ikki davlat rahbarlari savdo aylanmasi hajmini 500 million AQSh dollari va yaqin kelajakda 1 milliard AQSh dollariga yetkazish bo‘yicha bizni vazifador etganliklarini e'tiborga olish lozim. Tor doiradagi uchrashuv davomida biz raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali iqtisodiy diplomatiya yo‘llaridan foydalanishga o‘zaro qiziqish bildirdik.
Iqtisodiy, savdo va sanoat sohalaridagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish paytida biz mahalliy ishlab chiqaruvchilarga zarar yetkazmasligimiz zarur. Shunga bog‘liq holda, ikki mamlakat hukumatlari qo‘shma korxonalar, filiallar va savdo uylari faoliyati uchun qulay sharoitlarni yaratib berishi zarur.
Qayd etish lozimki, qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga bog‘liq misollardan biri, bu «Tojikiston va O‘zbekiston innovatsion shirkati»ni tashkil etishga oid bitimdir. Ikki davlatning tegishli idoralari yaqin fursatlarda ushbu shirkatning amaliy faoliyatini boshlashiga umid qilaman», degan Rasulzoda.
U Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi sog‘liqni saqlash va sanitar-epidemiologik vaziyatni ta'minlash sohalaridagi hamkorlik xususida ham fikr bildirib, O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami uchun Tojikiston hukumati nomidan minnatdorchilik bildirgan.
Mavzuga oid
08:11 / 19.12.2024
Abdulla Aripov Odilbek Qosimaliyevni Qirg‘iziston bosh vaziri etib tasdiqlangani bilan tabrikladi
07:09 / 14.12.2024
Abdulla Aripov YeOII hukumat rahbarlari kengashi majlisida qatnashdi
21:12 / 12.12.2024
MDH davlatlari havo hujumidan mudofaa birlashgan tizimini yaratadi
16:00 / 23.11.2024