Svetlana Tixanovskaya Rossiya hududida qidiruvga berildi
Belarus prezidenti lavozimiga sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya Rossiya hududida qidiruvga berildi. Bunday ma'lumot Rossiya ichki ishlar vazirligining ma'lumotlar bazasida keltirilgan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, 1982 yilda tug‘ilgan fuqaro Svetlana Georgiyevna Tixanovskaya “jinoyat kodeksi moddasi bo‘yicha qidirilmoqda”. Bazada Tixanovskaya aynan qaysi modda bo‘yicha qidirilayotgani ko‘rsatilmagan.
“Tixanovskaya Belarusda qidiruvga berilgandi, biroq bu qidiruv Rossiya hududida ham amal qiladi, chunki gap davlatlararo qidiruv haqida bormoqda”, deb tushuntirgan ushbu holatni ichki ishlar vazirligidagi manba.
Tixanovskaya Belarusda o‘tgan prezident saylovlarida ishtirok etib, 10 foizdan ko‘proq ovoz to‘plagan. Saylovlarda esa amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko g‘olib deb e'lon qilingandi.
Tixanovskaya saylovlar natijalaridan norozi bo‘lib, markaziy saylov komissiyasiga shikoyat arizasi topshirgan. 11 avgustda esa Litva tashqi ishlar vaziri Linas Linkyavichyus Tixanovskaya Litvada ekanini ma'lum qilgan. Uning ishonchli vakili Olga Kovalkova ta'kidlaganidek, Tixanovskayani Belarusdan rasmiylar olib chiqqan va unda boshqa tanlov bo‘lmagan.
Tixanovskaya tashabbusi bilan muxolifatning muvofiqlashtirish kengashi tashkil etilgani bilan bog‘liq holda Belarusda unga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Yevropa ittifoqining bir qator davlatlari Tixanovskayani Belarus muxolifati yetakchisi deb tan olmoqda. U 6 oktyabrda Berlinda Germaniya kansleri Angela Merkel bilan, 29 sentyabrda Vilnyusda Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron bilan uchrashgan va Belarusda yangi prezident saylovlarini tashkillashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni taklif qilgan.
Mavzuga oid
11:34
Qora dengizni qoplagan mazut dog‘ining koinotdan ko‘rinishi - foto
11:27
Rossiyada fuqarolar pul o‘tkazmalari ustidan nazorat kuchaytiriladi
10:30
Rossiya yuk kemasining O‘rta Yer dengizidagi halokati. Hozirgacha nimalar ma’lum?
08:36