Jamiyat | 12:39 / 13.10.2020
42581
3 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassis uy sharoitida koronavirusdan davolanish bo‘yicha tavsiyalarini berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Muhayyo Asilova bilan intervyuda koronavirusga chalingan bemorlarning uy sharoitida davolanishining tartib-taomillari va mexanizmlari to‘g‘risida ma'lumot oldi.

— Koronavirus xastaligining ilk bosqichlari simptomlarsiz va yengil darajada kechganida bemorga uy sharoitida davolanishga ruxsat beriladi. Xususan, kontaktda bo‘lganlar va kasallikning simptomlarsiz kechishidagi bemorlar turli vitaminlarni qabul qilib, sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya qilib, immun tizimini kuchaytirishi orqali kasallikni yengib o‘tishi mumkin.

Birinchi navbatda bunday bemorlar oz-ozdan, tez-tez yengil hazm bo‘ladigan ovqatlarni iste'mol qilishi zarur. Shuningdek, kuniga 3-4 litrdan ortiq turli suyuqliklarni ichish tavsiya etiladi. Tsink preparatlari bilan birga «Vitamin D3», «Vitamin S» dorilarini qo‘llash mumkin. Dori vositalarini qancha iste'mol qilish bemorning yoshi, jismoniy holatidan kelib chiqib belgilanadi. Shuning uchun davolanishni boshlashdan avval oilaviy poliklinika shifokori bilan maslahatlashib, kerakli tavsiyalarni olish lozim. 

Kasallikning yengil holatidagi bemorlarning uy sharoitida davolanishi umumiy amaliyot shifokorining doimiy nazorati ostida amalga oshirilishi kerak. Tana harorati 38 darajadan ko‘tarilganda «Paratsetamol» yoki «Ibuprofen» dorilarini ichish tavsiya qilinadi. 

Yuqorida ta'kidlaganimizdek, bemorga yengil hazm bo‘ladigan ovqatlarni yeyish hamda kuniga 3-4 litrdan ortiq turli suyuqliklarni ichish samara beradi. Shuningdek, xastalikning bu davrida bemordan yengil jismoniy faollik va nafas mashqlarini bajarish, burun va tomoqni tez-tez chayish, zarurat paydo bo‘lganida dori vositalarini qo‘llash talab etiladi. Ayniqsa, ochiq havoda sayr qilish bemorning sog‘ligini tiklashda muhim o‘rin tutadi. Kasallikdan forig‘ bo‘lishda ruhiy xotirjamlik, tushkunlikka tushmaslikning ham ahamiyati beqiyos.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish kerak, bemorlarning o‘zboshimchalik bilan davolanish tartibini o‘zgartirishi yoki mutaxassis tavsiyasiga zid ravishda do‘stlari yoki boshqa tanishlari gapiga ko‘ra qo‘shimcha dori vositalarini qabul qilishi faqatgina salomatligiga zarar keltiradi. Shuning uchun umumiy tavsiyalar va shifokor so‘zlariga muntazam ravishda rioya qilishni unutmang.

Mavzuga oid