O‘zbekiston | 22:56 / 15.10.2020
16945
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston TIV rahbari O‘zbekiston elchisi bilan uchrashuvda mamlakatdagi siyosiy vaziyat barqarorlashganini ma'lum qildi

Qirg‘izistonning yangi tayinlangan tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev bugun Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari elchilari, jumladan, O‘zbekiston elchisi Xurshid Mirzohidov bilan uchrashgan. Vazir elchilarga mamlakatda vaziyat barqarorlashayotganini, siyosiy jarayonlar konstitutsiya va qonunlar doirasiga qaytgani haqida gapirgan.

15 oktabr kuni Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi favqulodda va muxtor elchisi Xurshid Mirzohidovni qabul qildi. Bu haqda Qirg‘iziston TIV matbuot xizmati xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, suhbat avvalida O‘zbekiston elchisi Ruslan Kazakbayevni mazkur lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, unga muvaffaqiyatlar tilagan, shuningdek, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov nomidan tabriklarni yetkazgan.

O‘z navbatida, Ruslan Kazakbayev O‘zbekiston elchisiga mamlakatdagi vaziyat haqida ma'lumot bergan. U mamlakatdagi siyosiy vaziyat barqarorlashgani, shuningdek, Qirg‘iziston parlamentining yangi spikeri saylangani, bosh vazir va hukumat a'zolari tayinlanganini ma'lum qildi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlari va istiqbollari yuzasidan fikr almashgan, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha keyingi harakatlar muhokama qilingan.

Ruslan Kazakbayev avval erishilgan kelishuvlar to‘liq amalga oshirilishi muhimligini ta'kidlagan. Shu sababli yaqin vaqt ichida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashishga tayyorligini bildirgan.

Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar jarayoni va savdo-iqtisodiy hamkorlikka alohida e'tibor qaratilgan.

Mavzuga oid