YeI sammitida «Breksit» masalasi ko‘rib chiqildi
Yevropa Ittifoqi Buyuk Britaniya bilan muzokaralarni davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilar ekan, a'zolarni nizolar kelib chiqishi mumkinligidan ogohlantirdi
Yevropa Ittifoqi «Breksit»dan keyin Buyuk Britaniya bilan savdo aloqalarini tartibga soladigan kelishuv bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga qaror qildi, ammo a'zo davlatlarni tushunmovchilik va nizolarga tayyor bo‘lishga chaqirdi.
Yevropa Ittifoqi Kengashining matbuot kotibi Barend Leyts ittifoq rahbarlari sammiti davom etar ekan, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya munosabatlari bo‘yicha Kengash qarori qabul qilinganini e'lon qildi.
Qarorda Yevropa Ittifoqi 31 dekabrda tugaydigan «Breksit» o‘tish davrida Buyuk Britaniya bilan kelishuvga erishish uchun yetarlicha oldinga siljishlar bo‘lmagani haqidagi fikr joy olgan. Rahbarlar Yevropa Ittifoqining bosh muzokarachisi Mishel Barniyerdan kelgusi haftalarda muzokaralarni davom ettirishni so‘rashgan va Buyuk Britaniyani kelishuvga erishish uchun zarur choralarni ko‘rishga chaqirishgan.
Shuningdek, YeI Buyuk Britaniya chiqish shartnomasi va uning protokollarini to‘liq bajarishi kerakligini ta'kidlagan. Qarorda «Yevropa Kengashi barcha a'zo davlatlarni, Yevropa Ittifoqi institutlarini va manfaatdor tomonlarni barcha oqibatlarga, shu jumladan, mojaroga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘z ishlarini tezlashtirishga chaqiradi va Yevropa Ittifoqi Komissiyasini ittifoq manfaatlariga javob beradigan bir tomonlama, favqulodda vaziyat rejalarini ko‘rib chiqishni taklif qiladi», degan bayonotni ham kiritgan.
Breksitdan keyingi munosabatlar
31 yanvar kuni Yevropa Ittifoqidan chiqqan Buyuk Britaniya ittifoq bilan ikki tomonlama munosabatlar, xususan, savdo-sotiq bo‘yicha har tomonlama muzokaralar olib bormoqda. 31 dekabrda tugaydigan o‘tish davri mobaynida Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi qoidalariga bo‘ysunadi.
Britaniyalik rasmiylar Yevropa Ittifoqining e'tirozlariga qaramay, o‘tish davrini uzaytirmaslikni va muzokaralar 2020 yil oxiriga qadar yakunlanishi kerakligini ta'kidlashmoqda. Muzokaralardagi tanglik, mumkin bo‘lgan bitim imkoniyatlarini asta-sekin kamaytirmoqda. Agar kelishuvga erishilmasa, ikki tomon o‘rtasidagi tijorat aloqalari 2020 yil 31 dekabrdan keyin Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson 7 sentyabrdagi bayonotida Yevropa Ittifoqiga 15 oktyabrgacha kelishuvga erishish uchun vaqt bergan edi.
Mavzuga oid
22:44 / 22.12.2024
YeI Ukrainaga qarshi boshlangan urushga uch yil to‘lishi munosabat bilan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlamoqda
21:05 / 22.12.2024
Qatar Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi
16:46 / 16.12.2024
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 15-paketini qabul qildi
22:41 / 11.12.2024