Jamiyat | 21:00 / 18.10.2020
13402
5 daqiqa o‘qiladi

Baxtiyor Mengliyev: «O‘zbek tilining ham milliy korpusi yaratilishi lozim»

21 oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni. Ushbu sana arafasida Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Baxtiyor Mengliyev milliy tilni ravnaq toptirishda kompyuter lingvistikasini rivojlantirish va xorijliklarning o‘zbek tilini o‘rganishi uchun imkoniyatlar yaratishning muhimligi haqida so‘z yuritdi.

«Hozir hatto qadimgi tillarning ham korpuslari ishlab chiqilgan»

— Axborot asrida rivojlanishga da'vogar har qanday til sun'iy intellekt tiliga aylanishi kerak. Ona tilimizning dunyo miqyosidagi nufuzi faqat tashviqot-targ‘ibot bilan oshmaydi.

Sun'iy intellektga doxil bo‘lmagan tilning taraqqiyoti haqida gap ochish ham to‘g‘ri emas.

Bu muammolarni hal etish borasida olimlar tomonidan ko‘plab ilmiy tadqiqot va amaliy ishlar bajarilishi kerak. Buning natijasi o‘laroq, o‘zbek sun'iy intellekti, o‘zbek intellektual sistemasi yoki o‘zbek ekspert sistemasi kabi yangi ilmiy tushunchalar zamonaviy fanlarimiz doirasida keng yoyilmog‘i lozim.

Sun'iy intellekt metodlari asosida aniq bir predmet, til sohasiga tegishli intellektual masalalarni yechishga mo‘ljallangan dasturiy yoki texnik sistemalar intellektual sistemalar deb yuritiladi. Muayyan predmet sohasidagi masalalarni amaliy yechishga mo‘ljallangan intellektual sistemalar esa ekspert sistemalardir. Xullas, bularni o‘zbek tili doirasida yaratish uchun milliy kompyuter lingvistikasi sohasi jadal va keng qamrovli, tizimli va aniq maqsad-rejali rivojlanmog‘i lozim.

Demak, zamonaviy tadqiqotlar, hatto kompyuter lingvistikasi taraqqiyoti uchun ham til korpuslarini yaratish zarur ekan.

Korpus – til birliklarining xususiyatlarini aniqlash maqsadida qidiruv dasturiga bo‘ysundirilgan matnlar majmui, tabiiy tildagi elektron shaklda saqlanadigan yozma yoki og‘zaki, kompyuterlashtirilgan qidiruv tizimiga dasturiy ta'minot asosida joylashtirilgan matnlar jamlanmasi. Til korpuslari – til bo‘yicha tadqiqot va amaliy topshiriqlar yechimi uchun inkor etib bo‘lmas ish quroli.

Jahon tillarining juda ko‘pchiligi mukammallik darajasi va matnni ilmiy qayta ishlash imkoniyati bilan farq qiluvchi o‘z milliy korpuslariga ega. Milliy til va davlat tili taraqqiyotida milliy korpuslar ahamiyati va o‘rnining qanchalik muhimligini davr ko‘rsatmoqda.

Nafaqat dunyo tili sanalgan ingliz, ispan, xitoy, arab, fransuz, rus, nemis tillarining milliy korpuslari yaratilgan, balki polyak, polyak-ukrain, chex, slovak, serb, xorvat, bosniya, bolgar, bolgar-rus, makedon, shotland, niderland, niderland-fransuz, shved, dat, norveg, island, farer, o‘rta asr fransuz tili, ispan, italyan, portugal, rumin, litva, latish, grek, sharqiy arman, osetin, alban, hind, xett, fin, ural tillari, eston, veps, venger, udmurt, gruzin, ingliz-gruzin, lazgin, turk, tatar, tojik, boshqird, qrim-tatar, qalmiq, buryat, mongol, arab, ivrit, amxar, yapon, qadimiy yapon, baman, esperanto tillarining ham korpuslari mavjud.

Dunyo kompyuter lingvistikasida milliy til korpusining mavjudligiga tilning yashovchanlik va kompyuter tiliga aylanish mezoni sifatida qaralmoqda.

Kompyuter va korpus lingvistikasi globallashuv sharoitida tillarga immunitet baxsh etuvchi asosiy vositalardir.

«O‘zbek tilini o‘rganish istagidagi xorijliklar uchun sifatli qo‘llanmalar kerak»

— Xorijliklarga o‘zbek tilini o‘rgatish metodikasi shakllanmayapti. Sifatli qo‘llanmalar yo‘q. Ularni shunchaki yozib tashlash ham mumkin emas. Til bo‘yicha qo‘llanmalarning sifatli/sifatsizligi, samarali/samarasizligi darrov ko‘zga tashlanavermaydi. Axir, til egalari ona tilini faqat ta'lim yo‘li bilangina egallamaydi. Oila, jamiyat, radio-televideniye ham aslida til o‘qituvchilari. Lekin xorijliklar uchun aniq-tiniq natija beradigan mukammal manbalar kerak.

Tilimizning murakkablik bo‘yicha bosqichlari ilmiy aniqlanib, shu asosda turli leksik-grammatik darajadagi, ketma-ketlikka asoslangan qo‘llanmalar yaratish – dolzarb vazifa. Birinchi o‘rinda lingvistik baza shakllantirilishi kerak. Bu tizimli, chuqur ilmiy tadqiqotlarni taqozo etadi.

Ayni muammo doirasida kamida o‘nga yaqin lingvistik, metodik yo‘nalishdagi fundamental va innovatsion tadqiqot amalga oshirilishi kerak. Keyin qo‘llanmalar yaratishga o‘tiladi.

Najot – amaliy ahamiyatli, maqsadli ilmda. Boshqa yo‘l yo‘q. Aks holda, quruq, balandparvoz va samarasiz minbar gaplari bilan umrimiz o‘taveradi.

Mavzuga oid