Jamiyat | 17:39 / 18.10.2020
16884
4 daqiqa o‘qiladi

Telegram'da ovoz yig‘ish «marafoni»: Koson ijtimoiy tarmoqlarda «kaltak yedi», Konimex «rekordchi»

Ikki-uch kun avval O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA Telegram'dagi sahifasida «Yil tanlovi ­– 2020» rukni bilan so‘rovnoma e'lon qildi.

Foto: Pinterest

Ochig‘ini aytish kerak, ushbu so‘rovnoma deyarli barcha tuman-shaharlarning axborot xizmatlari yuritayotgan Telegram-kanallarda e'lon qilindi. Hamma ko‘proq ovoz to‘plashga, so‘rovnomani targ‘ibot qilishga oshiqdi. Xususan, Qashqadaryo viloyati Koson tumani targ‘iboti ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

Masalan, «Nodira Kodirova» nomli Telegram foydalanuvchisi guruhlarda quyidagicha targ‘ibot qilgan: «Barcha MFYlar diqqatiga! Mana shu linkka ulanib, munosabat bildiring va ulanganingizni ma'lum qiling». «Mehroj Sharofiddinov» profili foydalanuvchisi esa «Ovoz bering va kuzatib boring tugmasini bosing, Kosonni tanlang», deb yozib qoldirgan. «Nodira Kodirova» yana «Barcha MFYlarga rahmat, ancha ko‘tarildi. Yana qattiqroq harakat qilaylik. Otryadlardagilar ketguncha terimchilarni o‘zlaringiz tashkil etgan telegramlarga tarqating. Viloyatda emas, respublikada ham Koson birinchi bo‘lishi kerak», degan.

Targ‘ibot shu darajaga borib yetganki, qarindoshlar guruhlarida ham tarqatish boshlangan...

Darvoqe, Kosondagi targ‘ibot o‘z «natijasi»ni ko‘rsatgan. Tez orada Koson tumani O‘zA so‘rovnomasida eng yuqori o‘rinlarga chiqib olgan.

Mahallalarga munosabat bildirish, kanalga ulanishga undagan «Nodira Kodirova» nomli foydalanuvchi kimligini bilish maqsadida Koson tumani hokimligi axborot xizmati rahbari bilan bog‘landik.

«Nodira Qodirova Koson tuman hokimi o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda u kishi mahallalarni ovoz berishga majbur qilgan mazmunida xabarlar tarqaldi. Men unday deb hisoblamayman. Bu holat birgina bizning tumanimizda kuzatilayotgani yo‘q-ku.

Shu o‘rinda OAV bilan ishlaydigan xodim sifatida fikrimni aytmoqchiman. Bunaqa so‘rovnomalarni o‘tkazishdan maqsad nima? Obunachilarni ko‘paytirishmi? Nega tumanning salohiyati ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlariga qarab emas, internet tarmoqlaridagi so‘rov orqali aniqlanishi kerak? Bunda xolislik bo‘lmaydi», – deydi Koson tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Dilshod Nabiyev.

U o‘zi ham tuman hokimligining Telegram-kanalida so‘rovnomani e'lon qilganini ma'lum qildi.

O‘zA'da Koson ayni vaqtda ham Qashqadaryo tumanlari bo‘yicha eng yuqori ovoz olib turibdi, salkam 6 mingta ovoz to‘plagan. Taqqoslash uchun aytish mumkin, Mirishkor tumaniga 69 kishi ovoz bergan.

So‘rovnoma o‘tkazilayotgan saytdagi ovoz berish natijalariga qaraydigan bo‘lsak, Jizzax viloyatining Forish, Sharof Rashidov, Mirzacho‘l tumanlari, Navoiy viloyatining Konimex, Zarafshon tuman va shaharlarida ham xuddi Kosonda bo‘lgani kabi ovoz yig‘ish «yaxshi tashkil qilinganini» sezish mumkin.

E'tiborlisi, Konimex tumanining aholisi hozirgi kunda 30 mingga yaqinni tashkil qiladi. Tumanni yoqlab 10 mingdan ortiq odam ovoz bergan.

Bu ­– tumandagi har uch kishining biri so‘rovnomada qatnashganini bildiradi! Bu holatni ko‘rib, «Koson to‘yga borsa bo‘larkan», degan xulosaga borish mumkin...

Nima ham der edik, xolisligi shubhaga qo‘yuvchi bu kabi so‘rovnomalarga nisbatan Koson tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Dilshod Nabiyevning fikrlariga qo‘shilmay iloj yo‘q.

Isomiddin Po‘latov

Mavzuga oid