O‘zbekiston | 17:22 / 19.10.2020
34759
8 daqiqa o‘qiladi

«UzAuto Motors» ishida prokuror o‘zgardi va sud yopiq tarzda davom etmoqda

«UzAuto Motors» ishi yuzasidan sudda prokuror almashdi. Sudya kompaniya tomonidan taqdim etilgan maxfiy hujjatlarni muhokama etishni lozim topib, da'vogar iltimosiga bilan sudni yopiq tarzda davom etishiga rozilik berdi.

16 oktabr kuni Toshkent shahar ma'muriy sudida «UzAuto Motors»ning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasi qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilayotgan sud jarayoni davom etdi. Sud ishining uchinchi yig‘ilishida prokuror o‘zgardi, Toshkent shahar prokurori yordamchisi Babayanning lavozimi o‘zgarishi munosabati bilan uning o‘rniga ishda prokuror yordamchisi Erkin Vohidov ishtirok etdi. Ishni ko‘rib chiqish «UzAuto Motors» vakili savollari bilan boshlandi.

Erkin Vohidov

«Biz qo‘mita tomonidan sudga taqdim etilgan hujjatlarni asoslantirib, izohlab berishini so‘raymiz», — dedi kompaniya vakili.

Sudya G‘olib Davlatovning aytishicha, «UzAuto Motors» qo‘mita maxsus komissiyasi qaroriga hukumatga kiritilgan ma'lumotnoma asos bo‘lganini ta'kidlab, ana shu ma'lumotnomani asoslantiruvchi hujjatlarni sudga taqdim etishni so‘ragandi. Bu iltimosnoma qanoatlantirilgan va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi sudga asoslantiruvchi hujjatlarni taqdim etdi. Kompaniya vakili esa endilikda ana shu hujjatlarni muhokama etishni taklif qildi.

Vakilning bildirishicha, keltirilgan ma'lumotdagi avtomobil narxlari kompaniya taqdim etgan ma'lumotlar bilan mos keladi. Shu tufayli, qo‘mita kompaniya pozitsiyasini yoqlab, buni hujjatlar bilan tasdiqlagan.

 Bekzod Ummatov

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakili Ummatov mazkur holatlarga izoh berdi:

«Hurmatli sud, o‘tgan safar jamiyat vakillarining talabiga asosan topshiriqqa kiritilgan dalolatnoma bo‘yicha asoslantiruvchi hujjatlarni berish taqdim qilingan edi. Hujjatlar mazkur shaklda berildi. Hujjatlar nusxasi sudga berilgan. Bu yerda biz keltirilgan ma'lumotlarni asoslab, ularni raqamlab va ularga tegishli bo‘lgan hujjatlarni raqamlab taqdim etdik. Tushunishimcha jamiyat a'zosining savoli mana shu hujjatlar mazmuni haqida. O‘tgan safar majlisda jamiyat tomonidan 4 masala yuzasidan e'tiroz bildirgan edi. Birinchisi mahsulot tannarxini ikki foizga kamaytirishga erishilganligi. Bu masala xatda ko‘rsatilgan, raqobatbardoshlikni o‘rganish doirasida 2 foiz deyilgan. Raqobatbardoshlik o‘rganilgan muddatda bu ko‘rsatkich korxona tomonidan berilgan ma'lumot xati bilan berilgan ma'lumotlar edi. U yerda bu son 2,4 foizni tashkil qiladi, buni butun holda beradigan bo‘lsak 2 foiz bu holat sifatida ko‘rsatilgan.

Ular bergan ma'lumotda 8000dan ortiq uskunadan faqat 167tasi yangilanganligi o‘zlarining jadvallarida aks etgan edi. Yana bir bor qaytaramiz mahsulot tannarxining 2 foizga pasaytirilishi masalasi, texnologiyalarning 2,1 foizga yangilanganligi va bironta ham yangi ish o‘rni yaratilmaganligi kompaniyaning rasmiy xatida, bu ishga mas'ul bo‘lgan xodimning yuborgan jadvallarda o‘z ifodasini topgan.

Narx masalasiga qaytadigan bo‘lsak. Bizni xatimizda narxlar 20-40 foizgacha kamligi ko‘rsatilgan edi. Hurmatli sudya agar kechagi ma'lumotga qaraydigan bo‘lsak, «Ravon»ni Rossiyadagi saytda berayotgan narxi bu yerdagi bilan deyarli bir xil. Boshqa diler ham berishmoqda va ular chegirma bilan berishmoqda. Bu aynan teng shartlarda hech qanday kreditlarsiz va boshqa opsiyalarni qo‘llamasdan olsangiz amalga oshiriladi. Ularning rasmiy saytida berilgan narxlar 10 chegirma berish to‘g‘risida e'lon qilishmoqda. Bu hech qanday kredit va shartlarsiz. Joyida dilerlarga chiqilganida birinchi 10 foizdan tashqari qo‘shimcha 30 ming rublgacha chegirma berilayotganligi aytildi, demak rasmiy saytida 10 foiz e'lon qilingan bo‘lsa, bundan tashqari ham chegirma berilayotganini bizga bildirdi.

Bular barcha gorizantal va vertikal kelishuvlarini bizlarga bersin, o‘shanda biz ochiq-oydin gaplasha olamiz. Chunki dilerlarga berilgan bonus yoki boshqa rag‘batlantiruvchi tizimi bordir, bundan bizni xabarimiz yo‘q va bu narsani ko‘rmasdan turib muhokama qilsak to‘g‘ri bo‘lmaydi», — deydi qo‘mita vakili Ummatov.

O‘tgan sud jarayonida «UzAuto Motors» vakillarining 19 avgust kuni o‘tkazilgan maxsus komissiya yig‘ilishida uzrli sababga ko‘ra ishtirok etmaganini isbotlovchi hujjat taqdim etilishi so‘ralgandi. Kompaniya huquqshunosiga ko‘ra, vakillar shu yil 20 avgust kuni davlat rahbarining rejadagi tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida maxsus komissiya yig‘ilishida ishtirok etmagan. Ammo xodimlarning xizmat topshirig‘i rasman ro‘yxatga olinmagan, negaki davlat rahbarining tashrifi qo‘shni tumanda o‘tishi belgilangandi.

Kompaniya vakili Rossiyada O‘zbekiston avtomobilining narxi 25 foizgacha arzon, degan ma'lumotni asoslantirib berishini so‘radi.

«Biz o‘sha paytda Rossiya saytlaridan ma'lumot olib, tanish vakillarni avtosalonlarga jo‘natganmiz, shulardan kelib chiqib, ma'lumot olganmiz. Kuni-kecha ham tanishimizni «Mosmotors» dilerning saloniga yubordik, ko‘rib turibsiz rasmiy importlarini berganmiz. Xodimni borib gaplashganligi haqida skrinshot bor. Shuni o‘zidan ko‘rinib turibdiki, «Jyentra» hozirgi bizdagi narx bilan (45 foiz) farq qilmoqda. Xuddi shunday Ravon «Kobalt» 12,5 foiz, «Neksiya» 10 foiz farq qilmoqda. Faqat «Spark» bizdagi narxdan qimmatroq. Hatto rasmiy dilerlarda ham ko‘rish mumkinki, «Kobalt» bizdagiga nisbatan 354 dollarga qimmat», — deydi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xodimi.

Shundan keyin, qo‘mitaning maxsus komissiya «UzAuto Motors» masalasini ko‘rib chiqishga haqli yoxud vakolatli edimi, degan savol yuzasidan muhokama davom etdi. Sudya o‘tgan sud ishida arizachi tomonidan maxfiy hujjatlar taqdim etilgani uchun «UzAuto Motors» iltimosnomasini muhokamaga qo‘ydi.

«Sud arizachilar tomonidan dastlabki sud majlisida kiritilgan iltimosnomaning muhokamasiga o‘tishni lozim topadi. Ya'ni iltimosnomada sud majlisini tannarxini shakllantirishga oid qismini yopiq sud tarzida ko‘rish to‘g‘risida ko‘rilgan edi. Mazkur iltimosnoma muhokamasi dastlabki sudda keyinga qoldirilgan edi. Marhamat «UzAuto Motors»AJ vakili iltimosnoma yuzasidan fikringiz», — dedi sudya G‘olib Davlatov.

G‘olib Davlatov

Kompaniya vakillari iltimosnomani qanoatlantirishni so‘radi. Qo‘mita esa mazkur sud ishining aynan maxfiy hujjatlar muhokamasiga bag‘ishlangan qismi yopiq o‘tishiga rozilik bildirdi.

Sudya ishning mazkur qismi, ya'ni soliq va bojxona masalalari, tannarx shakllantirishi va import/eksport amaliyotlari yuzasidan muhokamani yopiq tarzda ko‘rish to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirdi.

Navbatdagi sud majlisi 2020 yil 23 oktabr kuni soat 10.00 da o‘tkaziladi.

Mavzuga oid