Murat Kamalov Tanzila Norboyevaga o‘rinbosar bo‘ldi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Murat Kamalov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi o‘rinbosari etib saylandi.
Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosarini saylash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
«Hurmatli hamkasblar, Senat Raisi o‘rinbosarlaridan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili bo‘lishiga oid konstitutsion norma mavjudligidan xabardorsiz. Shu bois senator Murat Kallibekovich Kamalovni Senat Raisi o‘rinbosari lavozimiga saylash to‘g‘risida taklif, Prezidentimiz tomonidan taqdimnoma kiritilgan», dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva.
Murat Kamalov 1955 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan. Oliy ma'lumotga ega huquqshunos sifatida ko‘p yillar mas'uliyatli lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Joriy yil sentabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining deputati etib, 2 oktabr kuni esa Jo‘qorg‘i Kengesning davlat rahbari ishtirokida o‘tgan navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasida Jo‘qorg‘i Kenges Raisi etib saylangan.
Majlisda senatorlar tomonidan M.Kamalov nomzodi bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Qonun talablariga muvofiq, yashirin ovoz berish orqali 72 ta ovoz bilan senator Murat Kallibekovich Kamalov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari etib saylandi.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
23:49 / 20.12.2024
O‘zbekistonning migratsiya siyosatini ishlab chiqishda Xalqaro mehnat tashkiloti ham ishtirok etadi
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024