Pichoqdan foydalangan holda sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni kamaytirishga qaratilgan qonun muhokama qilindi
Senatning sakkizinchi yalpi majlisida Jamoat xavfsizligini ta'minlashga doir qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun muhokama qilindi. Qonun Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida ko‘rib chiqilgan.
Qo‘mita a'zosi Farhod Boqiyev jamoat xavfsizligini ta'minlashda yuz berayotgan salbiy voqealar haqida gapirdi.
«Bugungi kunda fuqarolar, ayniqsa, yoshlar orasida pichoq va boshqa sovuq qurollarni olib yurish, o‘zaro janjal vaqtida mazkur ashyolar bilan qo‘rqitish yoki ularni qo‘llash kabi harakatlar ko‘plab uchramoqda.
Ichki ishlar tomonidan 2017-2019 yillarda fuqarolar tomonidan ko‘cha-ko‘yda, bozorda, ta'lim muassasalarida sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan ashyolarni erkin, bemaqsad olib yurgani bilan bog‘liq 10 ming 65ta holat aniqlangan, shundan 6 ming 835tasi (68 foizi) yonida olib yurilgan pichoqlar bo‘lgan.
2020 yilning 8 oyida esa 14 ming 957ta shunday holat aniqlangan bo‘lsa, shundan 12 ming 762tasi (85 foizi) pichoqlar, qolgani boshqa turdagi predmetlar bo‘lgan. Mazkur predmetlarning 58 foizi ko‘chada, 22 foizi bozorlarda, eng achinarlisi, 24 foizi ta'lim muassasalalarida voyaga yetmaganlar tomonidan yonda olib yurilgan.
Buning oqibatida esa aynan o‘tkir tig‘li predmetlardan foydalangan holda 542ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, shundan 168tasi (31 foizi) qotillik bo‘lgan. 289tasi (58 foizi) og‘ir tan jarohati yetkazish kabi salbiy holatlar yuz berishiga sabab bo‘lgan.
Fuqarolar, ayniqsa yoshlar tomonidan yonida pichoq olib yurish bilan bog‘liq bo‘lgan qotillik, jinoyat holatlarining bugungi kunda ko‘plab uchrab borayotgani hech kimga sir emas», dedi Farhod Boqiyev.
Shu sababli jamoat xavfsizligini ta'minlashga doir qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilayotgani aytildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104 va 105-moddalarining 2-qismidagi bandlar o‘zgartirilmoqda.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 14, 245, 287-moddalari to‘ldirilib, kodeksga yangi 1852 va 1853-moddalari qo‘shilmoqda.
1852-moddaning 1-qismida fuqarolar tomonidan jamoat joylarida, kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ochiq holda (g‘ilofsiz) olib yurganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilanmoqda.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda, fuqaroviy qurolni, sovuq qurolni va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan, sport va xo‘jalik-maishiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan ashyolarni jamoat joylarida olib yurganlik uchun huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilanmoqda.
Shuningdek, 1853-modda bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada bo‘lishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishi taqiqlanmoqda.
Bundan tashqari, «Qurol to‘g‘risida»gi Qonunning 3 va 9-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ya'ni sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan, sport va xo‘jalik-maishiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan ashyolar deganda jismoniy kuch ishlatish natijasida odamning sog‘ligi va hayotiga zarar yetkazishi yoki o‘limiga olib kelishi mumkin bo‘lgan xo‘jalik-maishiy va kasbiy maqsadlarda, ishlab chiqarish sanoati hamda sport faoliyatida foydalaniladigan tig‘li, kesuvchan va boshqa ashyolar, pichoqlar va boshqa tig‘li ashyolar, beysbol bitalari, softbol o‘yini uchun bitalar – chillaklarni nazarda tutuvchi tushuncha kiritilmoqda.
Shuningdek, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda, shu jumladan, shahar transportida, shahar atrofiga qatnovchi, shaharlararo va xalqaro transportda, jamoat joylarida, ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurishni taqiqlovchi norma kiritilmoqda.
Ushbu qonun qabul qilinishi natijasida mamlakatimizda sovuq qurol, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan boshqa ashyolar, shuningdek, pichoqdan foydalangan holda sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar kamayishiga erishish ko‘zda tutilgan.
Senatorlar mazkur qonunni ma'qullashdi.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024
Senat 2025 yilga mo‘ljallangan davlat budjetini ma’qulladi
17:40 / 22.11.2024