Jamiyat | 22:38 / 22.10.2020
16134
4 daqiqa o‘qiladi

Harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlar yana DTM oldida yig‘ildi. Bu gal muammo 3 kunda hal bo‘lishi aytildi

Harbiy xizmatni namunali o‘tab, OTMga kirishda imtiyoz olgan 1800dan ortiq abituriyent masalasi hamon o‘z yechimini topmadi. Bir guruh abituriyentlar 22 oktyabrda ham DTM binosi oldiga yig‘ilishdi. Mas'ullar ularning talabi 24 oktyabrgacha qondirilishini aytdi.

Muddatli harbiy xizmatni o‘tab, qo‘mondonlik tavsiyanomasini olgan bo‘lsa-da, OTMga kirish imtihonlarida bu imtiyozlari hisobga olinmagan abituriyentlar 22 oktabr kuni yana Davlat test markazi oldiga yig‘ildi.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, abituriyentlar ushbu masalaga Vazirlar Mahkamasi e'tibor qaratishini talab qilmoqda. Turli viloyatlardan Toshkentga kelgan fuqarolar bilan bu gal Yoshlar ijod saroyi anjumanlar zalida uchrashuv tashkil qilindi.

Uchrashuvda mas'ullardan Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov, Vazirlar Mahkamasi mas'ul xodimi Diyorbek Qo‘chqorov, Davlat qabul komissiyasi mas'ul kotibi Shohrux Daliyev va boshqalar ishtirok etdi.

Muammo shundaki, 1800 abituriyentning harbiy tavsiyanoma imtiyozi OTMlarga kirish imtihoni uchun tasdiqlanmay qolgan va ular umumiy kvotadan tashqari 5 foizlik kvotaga kiritilmagan.

Norozilik bildirayotgan abituriyentlarning aksari o‘zi hujjat topshirgan OTMlarning «harbiylar uchun o‘tish balli»dan yuqoriroq ball to‘plagani, shunga qaramay talabalikka qabul qilinmaganini aytmoqda.

Ular oktabr oyining dastlabki haftasida ham DTM binosi oldida to‘planishgandi. Ammo o‘shanda aytilgan muddatda natijalar e'lon qilinmadi.

22 oktyabrdagi uchrashuvda DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov murojaatlar ko‘rib chiqilayotgani, 1800dan ortiq abituriyentning har biriga tegishli hujjatni o‘rganish vaqt talab qilishini ta'kidladi.

Sardor Rajabov

Rajabovga ko‘ra, shu kunga qadar 600dan ortiq murojaat ko‘rib chiqilib, bazaga joylangan. Hamma murojaat o‘rganib bo‘lingach, e'lon qilinishi kutilmoqda.

Qator murojaatchilar shu masala sababli o‘z viloyatlaridan bir necha marta poytaxtga kelishga majbur bo‘lishayotgani, ayrimlari yo‘lkiraning o‘ziga 2 mln so‘m sarflaganini aytishdi. Ular mutasaddilardan natijalarni shu kunning o‘zida e'lon qilishni so‘rashdi.

Davlat qabul komissiyasi mas'ul kotibi Shohrux Daliyev muammo 24 oktabr, shanba kunigacha hal qilinishi, har bir murojaatchi telefon orqali xabardor qilinishini ma'lum qilib, abituriyentlardan shu muddatgacha sabr bilan kutishlarini so‘radi.

«Bugungi pandemiya paytida yo‘lkiraga pul sarflash osonmasligini bilaman. Shuning uchun har bir abituriyentga o‘zimiz xabar beramiz. Shaxsan o‘zim boraman Davlat test markaziga», – dedi Davlat komicsiyasi mas'ul kotibi.

Shohrux Daliyev

Eslatib o‘tamiz, 8 oktyabrda abituriyentlar bilan muloqotda bo‘lgan DTM direktori Majid Karimov masala «uzog‘i 3-4 kunda» hal bo‘lishini aytgan.

«Agar ballingiz tortilgan chiziqdan tepada bo‘lsa, hammangiz talaba bo‘lasiz. Qabul komissiyasi raisining shaxsan o‘zi (Abdulla Aripov – tahr.) qo‘shimcha kvota berilishini va harbiy imtiyozi tasdiqlanadiganlarning talabalikka qabul qilinishini aytgan. Bundan oldin talaba bo‘lganlar ham chiziqdan pastga tushib ketmaydi», – degan Majid Karimov.

Mavzuga oid