Jahon | 10:30 / 23.10.2020
12105
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Navalniy haqida: «Hukumat kimnidir zaharlamoqchi bo‘lganida, uni Germaniyaga davolanish uchun yuborarmidi»

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Valday» muhokamalar klubi a'zolari bilan yillik uchrashuvda ilk marotaba, nomi rasmiy Kremlda ishlatilmaydigan Aleksey Navalniyning zaharlanishi haqida gapirdi.

Foto: TASS

Uchrashuvda Frankfurt tinchlik tadqiqotlari instituti ijro qo‘mitasi a'zosi Hans Yoahim Shpanger shu kungacha Putin bir marotaba ham izoh bermagan Navalniyning zaharlanishi mavzusida savol so‘radi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, aynan u Navalniyning Germaniyada davolanib kelishini ta'minlash bo‘yicha Bosh prokuraturaga topshiriq bergan.

Shpanger Moskva Karnegi markazi direktori, siyosatchi Dmitriy Treninning Navalniyning zaharlanishi Rossiya-Germaniya munosabatlarida burilish nuqtasi bo‘lgani haqidagi so‘zlaridan iqtibos keltirdi. Uning fikricha, Merkel ketgach, rasmiy Berlin Rossiyaga nisbatan boshqa G‘arbiy Yevropa davlatlari kabi munosabatda bo‘ladi.

«Siz gapirayotgan shaxs… Agar hukumat kimnidir zaharlamoqchi bo‘lganida, uni Germaniyaga davolanish uchun yuborgan bo‘larmidi, shunday emasmi? – deya javob berishni boshladi Putin. – Ushbu fuqaroning ayoli menga murojaat qilgan zahoti men Bosh prokuraturaga uni xorijga davolanish uchun chiqarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni topshirdim. Axir, biz uni jinoiy ish va tergovga aloqadorligi uchun qo‘yilgan cheklovlar tufayli xorijga chiqarmasligimiz ham mumkin edi-ku».

«Men darhol Bosh prokuraturadan bunga ruxsat berishini so‘radim va u ketdi», – dedi Putin.

Shundan so‘ng Putin butun dunyoga mashhur jangovar zahar guruhiga kiruvchi «Novichok»ning ishlatilishiga oid ayblar haqida gapirdi. U qanday asoslarga ko‘ra ushbu zahar ishlatilgani haqida xulosa qilingani va bu ma'lumotlarni bir necha marotaba rasmiy Moskvaga taqdim qilish so‘ralganini qayd etdi. Putin, shuningdek, Rossiya Bosh prokuraturasi bir necha marotaba Berlinga so‘rov yuborganini eslatib o‘tdi. «Biz noodatiy nima so‘radik», – deya qo‘shimcha qilgan Vladimir Putin.

Moskva-Berlin munosabatlariga to‘xtalar ekan, Putin harbiy vaqtlardan so‘ng Rossiya Germaniya bilan doimo yaxshi munosabatda bo‘lganini aytdi.

Mavzuga oid