O‘zbekiston | 20:23 / 24.10.2020
31272
3 daqiqa o‘qiladi

O‘quvchiga ro‘mol o‘ragani uchun «qamalasan» deyish ahmoqlik – vazir Izboskandagi voqeaga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Izboskan tumanidagi 25-maktab direktori ro‘mol o‘ragan o‘quvchi qizni “qamataman”, deya qo‘rqitgani to‘g‘risidagi xabar tarqaldi va ommaning keskin e'tiroziga sabab bo‘ldi.

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov mazkur voqea xususida fikr bildirdi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ro‘mol o‘ragan qizni “qamataman” deb tahdid qilish ahmoqlikdir. 

«Bu masalani o‘rganish kerak. Faqat bir kishining gapi olinmasligi lozim.

Ikkinchidan, qaysi qonunda yozilgan ekan ro‘mol uchun qamaladi degan gap? Bu ahmoqona gap. Bu masalani o‘rganib chiqishgan. Izboskan tumani hokimligi bunga munosabat bildirgan. 

Joylarga boramiz, «mana bu o‘qituvchiga ish bermayotgan ekan», deb gapirishadi. Agar o‘sha o‘qituvchi bilan gaplashib ko‘rsangiz, uni umuman maktabga yaqinlashtirish kerak emasligi ma'lum bo‘ladi. Chunki ertaga asabiy holatda bolani urib mayib ham qilib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun bitta tomonni olib shov-shuv qilib, bu tomonni aytib bo‘lmaydi. Vaziyatni to‘liq o‘rganish kerak.

Biz huquqiy jamiyat qurishga harakat qilyapmiz. Noqonuniy harakat qilgan bo‘lsa sud ham, prokuratura ham bor. Ya'ni hamma narsa qonun doirasida hal qilinishi kerak. Lekin hech kim, hech qayerda o‘qituvchiga «o‘quvchini qamataman degin» deb ko‘rsatma bermagan», degan xalq ta'limi vaziri.

Ushbu holat bo‘yicha Izboskan tumani hokimligi munosabatida qamatish bilan tahdid qilgani aytilgan maktab direktori 23 oktabr kuni farzandini uylantirish maqsadida to‘y marosimi o‘tkazgani, tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiridan ishga chiqmaslik uchun ruxsat so‘ragani va videomurojaat tarqalgan kuni ish joyida bo‘lmagani qayd etilgan.

«Qizning onasi bilan suhbat o‘tkazilganda ona karantindan avval farzandi diniy libosda emas, zamonaviy liboslarda yurganligi bo‘yicha maktab ma'muriyati e'tiroz bildirganligini, yoz mavsumidan boshlab qizining kiyinish uslubi o‘zgarganligini, ijtimoiy tarmoqqa qo‘yilgan videomurojaatdan esa xabari yo‘qligini ta'kidlagan.

Bundan tashqari, suhbat jarayonida o‘quvchi qiz astronomiya fani o‘qituvchisi dars jarayonida unga maktab formasiga rioya qilishini, milliy mentalitetga mos uslubda kiyinish lozimligini aytganligini, lekin qizga libosi sabab qamatish yoki shunga o‘xshash choralar qo‘llash bo‘yicha bosim bo‘lmaganligini ta'kidlagan. Shuningdek, o‘quvchi qiz maktab direktorini videomurojaat tarqatgan kuni ko‘rmaganligi va gaplashmaganligini, murojaat qilayotgan vaqtida hissiyotga berilgan holda qamatish bo‘yicha gap-so‘zlarni qo‘shib yuborganligini bildirgan», deyilgan hokimlik munosabatida.

Mavzuga oid