O‘zbekiston | 15:14 / 25.10.2020
18241
4 daqiqa o‘qiladi

«Bu siyosiy pora emas» – Bobomurod Abdullayev o‘ziga uy berilishida hech qanday shart qo‘yilmaganini aytdi

Jurnalist Bobomurod Abdullayev o‘ziga «siyosiy pora» berilgani haqidagi gaplarni rad etib, hukumat unga biror shart qo‘ymaganini ma'lum qildi. U bu haqda Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Hozirgina menga xorijga chiqish pasporti berildi. Endi men ham chet ellarga chiqish imkoniyatiga egaman, bundan juda xursand bo‘ldim, albatta. Oxirgi kunlarda juda dramatik voqealar sodir bo‘ldi. Onamning iltimosiga ko‘ra, prezidentimiz tomonidan menga uy hadya qilinganini xabar qilgandim. Shundan keyin menga «xursandmiz, shu uyda to‘ylar qiling» degan mazmunda juda ko‘p tabriklar keldi. 

Oldin xorijiy grantlar, Amerika, Britaniya elchixonalaridan o‘z loyihalarim uchun mablag‘ olganman, bu pullarni so‘z erkinligi, jurnalistik faoliyat uchun ishlatganman. O‘sha payt juda ko‘pchilik meni «Amerika dollarlari uchun vatanni sotgan xoin» deb baholashgandi.

Prezident tomonidan menga uy berilganida ayrimlar, jumladan, o‘zim hurmat qilgan, do‘st deb bilgan, oldin meni «shu yurt ravnaqi, so‘z erkinligi uchun mablag‘ olgan» deya baholagan muxolifatchilar, jurnalistlar endi «siyosiy pora olding, sotqinlik qilding» deb ta'na qilishyapti. Men ularga «sizlarning oldingilardan qanday farqlaring bor?» deyapman. 

Yana bir bor aytaman – bu sovg‘ani prezidentimiz, avvalambor, onamning iltimosidan kelib chiqib, ikkinchidan, insonparvarligi uchun bergan. Eng muhimi, bu kvartira menga biror sharsiz berilgan, ya'ni bu pora emas. Sababi, pora biror shart evaziga beriladi. Agar bu pora bo‘lganida edi, menga aytilgan bo‘lardi, «Bobomurod, sizga prezidentimizning sovg‘asi bor, faqat uni olish uchun jim yurasiz, hukumatni maqtaysiz» kabi shartlar qo‘yilardi.

Ammo menga hech qanday shart qo‘yilmagan ekan, bu sovg‘ani siyosiy pora hisoblamayman.

Inson o‘zining prinsiplariga, e'tiqodiga qarshi borsagina xiyonat hisoblanadi. Mening o‘z e'tiqodlarim bor, ularga qarshi bormadim. Buni hali vaqt ko‘rsatadi. 

Menga uy berilgani, pasportim topshirilgani, eng muhim sud ishlari tugatilishida bevosita davlat rahbarining tashabbusi bor deb o‘ylayman. Bu quvonchli voqealar uchun hammaga rahmat aytaman», – dedi Bobomurod Abdullayev.

  • Jurnalist Bobomurod Abdullayev 2017 yilda ham O‘zbekistonda konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish jinoyatida gumon qilinib, qamoqqa olingan, 2018 yil may oyida sud zalidan ozod etilgandi. 
  • Shu yilning sentabr oyi boshida u O‘zbekiston so‘roviga muvofiq Qirg‘izistonda hibsga olindi. Keyinroq jurnalistning onasi prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgani inobatga olinib, u 22 avgust kuni munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxat bilan ozod qilingani ma'lum bo‘ldi.
  • Oktabr oyida esa prezident Shavkat Mirziyoyev jurnalistga Toshkent shahridagi turar joy majmualarining biridan barcha jihozlari va maishiy texnikalari bilan uch xonali kvartira hadya qilgani haqida xabar berildi.
  • 23 oktabr kuni esa unga xorijga chiqish pasporti topshirildi.

 

Mavzuga oid