Jahon | 19:57 / 29.10.2020
22526
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘rshapalaklar kasallanganda «ijtimoiy masofa» saqlashi ma'lum bo‘ldi

Vampir ko‘rshapalaklar – Janubiy Amerikada keng tarqalgan, sutemizuvchilar qonini so‘rib yashovchi yirik ko‘rshapalak turidir.

Olimlar tomonidan o‘tkazilgan bir tadqiqotda qonxo‘r ko‘rshapalaklar kasallangan paytida ijtimoiy masofa saqlashi, boshqa ko‘rshapalaklar bilan kamroq vaqt o‘tkazishi va galadagilar bilan nisbatan kam aloqada bo‘lishi aniqlandi.

Ko‘rshapalaklarning bunday xatti-harakatlari avvalroq laboratoriya sharoitida ham kuzatilgandi.

Mutaxassislar ayni xatti-harakatni Markaziy Amerikadagi davlatlardan biri – Beliz vampir ko‘rshapalaklarida kuzatishgan.

Ohayo universiteti mutaxassislari tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalari Behavioral Ecology ilmiy jurnalida e'lon qilindi.

Tadqiqotchilar daraxt kovagida yashovchi ko‘rshapalaklar guruhiga kichik retseptorlarni joylashtirish orqali ularning bir-biri bilan qanday aloqada bo‘lishini kuzatishdi.

Tadqiqot doirasida mutaxassislar 16ta ko‘rshapalakka ularning xatti-harakatlarida o‘zgarish ro‘y berish-bermasligini aniqlash maqsadida immunitet tizimining vaqtincha kasal bo‘lib qolgandek reaksiya ko‘rsatishiga olib keluvchi lipopolisaxarid deb nomlangan moddani yuborishdi.

Daraxtda jami 31ta ko‘rshapalak bor edi. Qolgan 15ta ko‘rshapalakka esa ularning immunitet tizimiga hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydigan sho‘r suv quyildi.

Mutaxassislarning aytishicha, ushbu tajriba davomida ko‘rshapalaklarga hech qanday zarar yetkazilmagan.

Olimlar immunitet tizimi xuddi infeksiya bilan kurashayotgandek faollashgan «kasal» ko‘rshapalaklar sog‘lom ko‘rshapalaklarga qaraganda o‘rtacha to‘rt marta oz aloqada bo‘lganini aniqladilar.

Ta'kidlanishicha, bu ko‘rshapalaklar boshqa ko‘rshapalaklar atrofida kamroq harakat qilgan, ularning safiga qo‘shilishni istamagan va nisbatan uyquchan ko‘ringan.

Xatti-harakatdagi farqlar inʼeksiyadan olti soat o‘tgach, ko‘rshapalaklar uxlaganda yoki tashqaridan xo‘rak qidirganda kamaygan.

48 soatdan keyin inʼeksiya ta'siri butunlay yo‘qolgan va ko‘rshapalaklar yana «ijtimoiylasha» boshlagan.

«Retseptorlar yordamida ko‘rshapalaklarning xatti-harakatlarida yuz bergan o‘zgarishlarni hatto ular daraxtning qorong‘i burchaklariga yashiringan taqdirda ham kecha-yu kunduz kuzatish imkoni tug‘ildi», deydi Ohayo universiteti mutaxassisi Simon Ripperger.

Ko‘rshapalaklarning bu yo‘sinda «ijtimoiy masofa» saqlashi insonlarning kasallikka chalingan paytda boshqa odamlar bilan birga vaqt o‘tkazish o‘rniga to‘shakda yotishni afzal ko‘rishiga qiyoslanmoqda.

Mavzuga oid