Jamiyat | 01:45 / 29.10.2020
29170
2 daqiqa o‘qiladi

Shoir Omon Matjon 77 yoshida vafot etdi

Foto: saviya.uz

O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon 2020 yilning 28 oktyabridan 29 oktyabriga o‘tar kechasi 77 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xabar berdi.

U 1943 yili Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tavallud topgan. Samarqand davlat universitetida tahsil olgan. 1969–2002 yillar mobaynida G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida muharrir, bo‘lim boshlig‘i, “Yoshlik” jurnalida bosh muharrir, “Cho‘lpon” nashriyotida direktor bo‘lib ishlagan.

Omon Matjon yigirmaga yaqin she'riy to‘plami, “To‘rabekaxonim” nasriy qissasi va “Najmiddin Kubro”, “Ardaxiva” badialari chop qilingan.

Shuningdek, u qardosh va chet el adabiyotining ko‘plab namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Omon Matjon adabiyotimiz rivoji yo‘lidagi xizmatlari uchun Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan, «O‘zbekiston xalq shoiri» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va “Ijod” jamoat fondi jamoasi marhumning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.

Mavzuga oid