O‘zbekiston | 20:15 / 30.10.2020
7869
2 daqiqa o‘qiladi

DTM abituriyentlardan yig‘ilgan pullar nimalarga sarflanayotgani haqida ma'lumot berdi

Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov 31 oktabr kungi matbuot anjumanida jurnalistlar savoliga javoban DTM fondidagi mablag‘lar qaysi maqsadlarda sarflanishi haqida gapirib o‘tdi.

Unga ko‘ra, har yilgi test sinovlaridan keyin ayrim qurilmalar, xususan skanerlash apparatlarini almashtirishga to‘g‘ri keladi.

«Masalan, biz bu yil test kitobchalari va skanerlash apparatlari sotib olmadik. Faqat ushbu texnikalar uchun qo‘shimcha ehtiyot qismlar sotib oldik.

Bu nega olinadi? Chunki test javoblarini ko‘rib chiqish davomida tipografiyamizda to‘xtovsiz ish davom etadi. Masalan, 1 mln 300 mingta test savollarini tekshirib chiqqandan keyin skanerlash apparatlarimiz to‘liq ishdan chiqadi. Biz bu qurilmalarni har yili almashtirishga majburmiz. Biz aytgan xaridlar esa shuning uchun bo‘ladi.

Bundan tashqari, skantron degan apparatda ham xuddi shunday. Har yili test jarayonlari o‘tgandan keyin biz mutaxassis chaqiramiz va uning ehtiyot qismlari almashadi», – dedi Rajabov.

DTM rasmiysiga ko‘ra, hozirda markaz fondidagi pullarning sezilarli qismi test jarayonlarini tashkil etishdan tashqari, markazning respublikadagi barcha 14 ta xududida quriladigan binolariga ham sarflanadi.

«Ya'ni bu binolar qurilishini moliyalashtirish Davlat test markazi fondidan amalga oshirilyapti. Masalan, hozir Buxoro viloyatida shunday qurilish amalga oshirilyapti. Bunday binolar kelgusida barcha hududlarda quriladi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 646-sonli qarori ham qabul qilingan. Unga ko‘ra, bizda milliy sertifikat joriy qilinadi. Bu sertifikat testlarini o‘tkazish ishlarining barchasi ham shu binolarda, shu mablag‘lar bilan amalga oshiriladi», – dedi Sardor Rajabov.

Uning javobidan keyin jurnalistlar tomonidan DTM fondida yig‘ilgan pullar va ularning sarfi bo‘yicha smeta ma'lumotlari jamoatchilikka to‘liq oshkor qilinishi kerakligi borasida savol berildi.

Rajabov esa xarajatlar smetasi bo‘yicha to‘liq ma'lumot kelasi hafta jamoatchilikka yetkazilishini aytdi.

Mavzuga oid