Iqtisodiyot | 16:17 / 31.10.2020
43120
3 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz'dan navbatdagi multfilm: “Davlat mablag‘lari”

Har bir mamlakatning umumiy mablag‘i bo‘ladi. Uni “budjet” deb atashadi. Budjetga mablag‘lar soliqlardan, tabiiy boyliklarni sotishdan yig‘iladi. Yig‘ilgan mablag‘lar jamiyat manfaati uchun, xalq hayotini yaxshilash uchun ishlatiladi.     

Ishi yurishgan mamlakatlar – ularning siri nimada?

Gap shundaki, bunday mamlakatlarda o‘sha – budjet ya’ni xalq boyliklari to‘g‘ri sarflanadi. Ya’ni budjetga yig‘ilgan pullar maqsad-manziliga yetib boradi. Qanday qilib?

Budjet pullari sohalar bo‘yicha taqsim etilgandan so‘ng imkoni boricha to‘g‘ridan-to‘g‘ri manziliga yetib boradi. Mazkur yo‘l esa jamoatchilikning ko‘z oldida bo‘ladi.  

Ishi yurishmagan mamlakatlar-chi – ularning muvaffaqiyatsizligiga esa aynan budjetning noto‘g‘ri sarfi sabab bo‘ladi. Qanday qilib?

Budjet taqsimlangandan keyin mablag‘lar manzilga yetishi jarayonida birqancha qo‘llardan ya’ni idora-yu tashkilotlardan o‘tadi, hamda bu yo‘lni jamoatchilik kuzata olmaydi. Shuning uchun mablag‘lar... nima desak ekan... yo‘qolib qoladi.   

Shunday qilib, budjetga pul yig‘ilaveradi, yo‘lda bir qismi yo‘qolaveradi, yana yig‘iladi, yo‘qoladi... va yana, va yana. Natijada sohalar... rivojlanmaydi.

Yo‘lda yo‘qolib qoladigan mablag‘lar qayerga ketadi deb so‘rashingiz mumkin.

Bu mablag‘lar yashirincha egallangani bois, egalari ularni... yashirishga urinishadi. Yashirishning eng yaxshi usuli esa – uzoqroqqa jo‘natish.

Shunday qilib, bunday mamlakatlarda budjetga yig‘ilgan pullarning bir qismi boshqa bir davlatlarning banklariga jo‘natilaveradi... va yana jo‘natiladi... va yana. Shunday qilib mamlakat rivojlanmaydi, chunki mamlakat boyliklarining bir qismi chetga chiqib ketaveradi, ketaveradi.    

Shuning uchun ham qaysi mamlakat rivojlanishni istasa, mamlakat mablag‘larini to‘g‘ri sarflashni yo‘lga qo‘yishi, yo‘llarni tozalashi, shaffoflikni ta’minlashi zarur. Har bir so‘mning sarfi... o‘sha so‘mning egasi bo‘lmish xalq – jamoatchilik nazoratida turishi kerak. Kuzatuvchi qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Zero faqatgina davlat tomonidan qo‘yilgan tekshiruvchilar tekshirsa, ular bir kunmas-bir kun... sotiladi. O‘z navbatida ularni tekshirib turganlar ham.  

Hozirda rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar mablag‘larini shaffoflik, oshkoralik ila sarflayotganlari uchun rivojlanayaptilar.

Muhammad Shakur tayyorladi

Mavzuga oid