O‘zbekiston | 18:08 / 03.11.2020
33415
1 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktoriga ikki o‘rinbosar tayinlandi

O‘zbekiston prezidentining 3 noyabrdagi qarori bilan Umida To‘xtasheva Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o‘rinbosari – Jamoatchilik bilan aloqalar, murojaatlar bilan ishlash va xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. 

Agentlik xabariga ko‘ra, Umida To‘xtasheva 1978 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, 2003 yil Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan, mutaxassisligi huquqshunos.

Tayinlovga qadar U. To‘xtasheva Toshkent davlat yuridik universitetining Jinoiy odil sudlov fakulteti dekani lavozimida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, prezidentning 3 noyabrdagi qarori bilan Tal'atjon Haydarov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o‘rinbosari – Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini tahlil va monitoring qilish boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

T. Haydarov 1980 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, 2001 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan, mutaxassisligi huquqshunos.

Tayinlovga qadar T. Haydarov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ichki xavfsizlikni ta'minlash bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, Akmal Burhonov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

Mavzuga oid