Jahon | 18:06 / 04.11.2020
5435
3 daqiqa o‘qiladi

Alibaba asoschisi eng yirik IPO to‘xtatilganidan so‘ng 2,6 milliard dollar yo‘qotdi

Jyek Ma bir kunda 2,6 milliard dollar yo‘qotdi. Bu reteylerga tegishli korxonaning IPO’si (IPO - aksiyalarning birlamchi ommaviy taklifi) to‘xtaganidan keyin Alibaba aksiyalarining pasayishi fonida sodir bo‘ldi. Avvalroq, Ma banklar ishi bo‘yicha xalqaro qoidalarni tanqid qilgandi, rasmiylar esa unga qarshi chiqdi.

Foto: Denis Balibouse /Reuters

Alibaba asoschisi Jyek Maning boyligi bir kunda 2,6 milliard dollarga kamaydi, bundan real vaqt rejimida o‘zgarishlarni kuzatib boruvchi Forbes milliarderlar reytingi darak bermoqda.

Ma reytingda 16-o‘rinni egallab turibdi. Uning boyligi 63,4 milliard dollarga baholandi. Ziyon ko‘rganiga qaramay, u hali ham Forbes talqiniga ko‘ra Xitoyning eng boy odami sifatida e'tirof etilyapti. O‘z navbatida, Bloomberg reytingida Ma 18-o‘rinda, Tencent telekommunikatsiya korporatsiyasi rahbari Ma Xuaten undan ikki pog‘ona yuqorida joylashdi.

Maning boyligi Alibaba’ga tegishli Ant Group korxonasining IPO’si to‘xtatilishi fonida tushib ketdi. U Xitoyda bozorning yarmiga ega bo‘lgan Alipay to‘lov xizmatiga egalik qiladi. Dunyo bo‘ylab 1 milliarddan ortiq odam ushbu xizmatdan foydalanadi. Shuningdek, korxona onlayn banking va sug‘urta xizmatlarini taqdim etib, kreditlar beradi hamda aktivlarni boshqaradi. 

Ant Group o‘z aksiyalarini Shanxay birjasi va Honkongda ikkilamchi ro‘yxatga olishni (listing) rejalashtirgan. Joylashtirish 5 noyabr kuni amalga oshirilishi kerak edi. Kompaniya 34,4 milliard dollar jalb qilishni rejalashtirgandi, bu esa tarixdagi eng yirik IPO’ga aylanishi mumkin edi.

3 noyabr kuni Ant Group Xitoy regulyatorlaridan IPO to‘xtatilishi to‘g‘risida xabar olganini e'lon qildi. Kompaniya listing yoki ma'lumotni oshkor qilish talablarini bajara olmasligi haqida xabardor etilgan. Ant Group xabarida aytilishicha, IPO regulyatorlar vakillari hamda Ma va kompaniya top menejyerlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatdan so‘ng paydo bo‘lgan «jiddiy muammolar» sababli to‘xtatilgan, deb yozadi Financial Times. 

IPO to‘xtatilgani haqida e'lon qilinganidan so‘ng, Ant Group’ning uchdan bir qismiga egalik qiluvchi Alibaba aksiyalari ertasi kuni 7,5 foizga tushib ketdi. 

Regulyatorlar 2 noyabr kuni Mani chaqirgan. Suhbatning mazmuni oshkor etilmadi, ammo FT ta'kidlashicha, rasmiylar tomonidan matbuot uchun xabarnomada ishlatilgan xitoycha yuetan so‘zi odatda «koyish» degan ma'noni anglatadi. 

Rasmiylar bilan suhbat Maning moliya institutlari ishi bo‘yicha xalqaro qoidalarni tanqid qilgani fonida bo‘lib o‘tdi. 25 oktyabrda milliarder ularda «lombard» mentaliteti borligi va bu innovatsiyalarni sekinlashtirayotganini ma'lum qildi. «Bazel kelishuvlari qariyalar uchun klubga o‘xshaydi. Biz kelajakni tartibga solish yo‘lida kechagi usullardan foydalana olmaymiz», - dedi Ma.

Mavzuga oid