AQSh prezidentlik saylovi: Bayden kichik farq bilan oldinda boryapti
AQShda prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Ayni vaqtda Jo Bayden ko‘plab ikkilanuvchi shtatlarda yetakchi bo‘lib turibdi.
Shimoliy Karolinada, «Reyter» xabariga ko‘ra, saylovchilarning 51 foizi Baydenga, 47,9 foizi Trampga ovoz berdi (byulletenlarning 78 foizi hisoblandi), 59 foiz byulletenlar hisoblangan Ohayo shtatida Baydenda - 52,3 foiz, Trampda - 46,5 foiz.
Hozirga qadar byulletenlarning 57 foizi hisoblangan an'anaviy konservativ Texasda Tramp oldinda - Texas aholisining 49,9 foizi respublikachilar, 48,7 foizi demokratlar nomzodiga ovoz berdi. Bu haqda «Amerika Ovozi» xabar berdi.
2020 yilgi saylovlarda muhim shtatlaridan biri bo‘lgan Floridada Tramp va Bayden o‘rtasida kutilganidek kuchli kurash kechmoqda. Saylov uchastkalari yopilgandan keyingi birinchi soat ichida har ikkala nomzodning g‘alaba qozonish ehtimoli taxminan teng bo‘ldi. Biroq, saylov byulletenlarining 94 foizi sanab chiqilgandan so‘ng bu yerda 51,2 foiz olgan Donald Tramp yetakchilik qilmoqda. Jo Baydenni 47,8 foiz saylovchilar qo‘llab-quvvatladi, deb xabar beradi Fox News.
«Assoshieyted press» taxminiga ko‘ra, Jo Bayden Kolumbiya okrugida - federal poytaxt, Vashington hududida g‘alaba qozonadi. Bu shtat emas, lekin saylovchilar kollegiyasida uchta ovozga ega.
Kutilishicha, Jo Bayden Nyu-Yorkda ham g‘alaba qozonadi va saylovchilarning 29ta ovozini oladi. The New York Times’ning hozirgi paytdagi taxmini: Baydenga 119 ovoz, Trampga - 93.
Koloradoda byulletenlarning 68 foizi hisoblab chiqilganidan so‘ng Jo Bayden g‘alaba qozongani ma'lum bo‘ldi. Bu saylovchilarning 9ta ovozi.
Umumiy hisobda Jo Baydenda 129ta ovoz, Donald Trampda 109ta ovoz bo‘lib turibdi.
Prezident lavozimiga nomzod g‘alaba qozonishi uchun saylovchilar hay'ati a'zolarining 270ta ovozini to‘plashi lozim.