Jahon | 14:42 / 12.11.2020
16615
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat departamenti xorijlik rahbarlarning Baydenga yo‘llagan maktublarini bermayapti – OAV

Avvalroq The Washington Post gazetasi Davlat departamenti Baydenning xorijlik yetakchilar bilan telefon orqali suhbatlarini uyushtirishda ishtirok etishdan bosh tortayotganini yozgandi. 

Foto: REUTERS/Jonathan Ernst

Donald Tramp ma'muriyati Jozef Baydenga xorijlik rahbarlar yo‘llagan maktublarni bermayapti. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib CNN xabar berdi.

Ma'lumot berilishicha, an'anaga ko‘ra, Davlat departamenti saylangan prezidentning xorijiy davlat rahbarlari bilan muloqot o‘rnatishini ta'minlaydi. Shu bois ko‘plab davlatlar yetakchilari Baydenga yo‘llagan murojaatlarini Davlat departamentiga jo‘natishgan.

Ammo amaldagi prezident o‘z mag‘lubiyatini haligacha tan olmadi va o‘z ma'muriyati vakillarining Bayden jamoasi bilan muloqot qilishiga to‘siq qo‘ygan. Baydenga yo‘llangan bir necha o‘nlab maktublar Davlat departamentida to‘planib qolgan, deya qayd etadi CNN.

Xabarda aytilishicha, ayrim davlatlar rahbarlari Bayden bilan muloqotga chiqish uchun Barak Obama davrida ishlagan diplomatlarga murojaat qilishga majbur bo‘lishgan.  

Avvalroq The Washington Post gazetasi Davlat departamenti Baydenning xorijlik yetakchilar bilan telefon orqali suhbatlarini uyushtirishda ishtirok etishdan bosh tortayotganini yozgandi.  

AQShda prezident saylovi 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. AQShdagi yetakchi ommaviy axborot vositalari Baydenning g‘alaba qozonganligini ma'lum qildi. Biroq Donald Tramp mag‘lubiyatini tan olgani yo‘q va ovozlarni qayta hisoblab chiqish uchun sudga murojaat qilishini bildirdi.

Mavzuga oid