Jahon | 23:46 / 13.11.2020
8965
3 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko muddatdan oldin lavozimidan ketmasligini ma'lum qildi 

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko hokimiyatni o‘z vorislariga emas, balki prezident saylovlari g‘olibiga topshirishga va'da berdi. Shu bilan birga, Lukashenko muddatdan oldin lavozimidan ketmasligini aytdi.

Foto: RIA Novosti

Belarus rahbari Rossiya, Ukraina, Moldova va Qozog‘iston OAV vakillari bilan uchrashuvda bu haqda ma'lum qildi va hokimiyatning tranziti ssenariysini qo‘llamasligini, ya'ni uni o‘z vorislariga topshirmoqchi emasligini ta'kidlab o‘tdi.

“Hech qanday vorislar bo‘lmaydi. Xalq kimni saylasa, shunday bo‘ladi. Men ont ichganman. Men Belarus xalqi qanday qaror qilsa, shunday bo‘lishiga va'da berganman”, – deb aytgan Lukashenko suhbat davomida.

Belarus rahbari o‘zining muddatdan oldin iste'foga ketishi ehtimolini qat'iyan rad etgan. “Men to‘satdan prezident vakolatlarimdan voz kechib yubormayman”, – deb aytgan Lukashenko Qozog‘istonning “Xabar” agentligi jurnalistining tegishli savoliga javoban.

Belarus prezidenti Ukrainaning “112.Ukraina” telekanali vakilining Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy uni prezident deb atamasligi haqida aytgan so‘zlariga ukrainalik hamkasbi, avvalambor, o‘zi haqida o‘ylab ko‘rishi kerakligini aytgan. “Uning qo‘llab-quvvatlanishi darajasi 70 foizdan 22-30 foizgacha tushib ketdi. 1,5-2 yil ichida o‘ziga xalq tomonidan ishonchning shunchalik yo‘qolishi uchun “ustamon” bo‘lish kerak. Kim gapirsa gapirsin, Zelenskiy og‘zini ochmasin”, – deb aytgan Lukashenko. 

Belarus prezidentining ta'kidlashicha, Belarus uchun iqtisodiyot va siyosat masalalarida Rossiyadan boshqa muqobil variant yo‘q. “Qayerga boqma, Rossiyasiz bizga qiyin bo‘ladi”, – deb qo‘shimcha qilgan Lukashenko.

Belarus yetakchisi prezident saylovlaridan keyin o‘z vakolatlari bilan bo‘lishishga tayyorligini, biroq buni ko‘cha bosimi ostida emas, konstitutsiyani o‘zgartirish orqali amalga oshirishini aytgan. Uning ta'kidlashicha, konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish rejasi 2021 yil boshida bo‘lib o‘tadigan Umumbelarus xalq yig‘inida muhokama qilinadi.

Mavzuga oid