«Milliy o‘quv dasturi asosida mavzular soni 40 foizga qisqarishi kutilmoqda» – Respublika ta'lim markazi
Respublika ta'lim markazi direktori Shuhrat Sattorov yangi milliy o‘quv dasturining avvalgilaridan farqi haqida ma'lumot berib, bu dasturga ko‘ra songa emas, sifatga e'tibor qaratilishini bildirdi.
«Tahlillarga diqqat qaratsak, 2018 yilga qadar umumta'lim maktablarida 23ta fan o‘qitilgan bo‘lsa, o‘tgan ikki yil mobaynida fanlar soni maqbullashtirilishi evaziga bu miqdor 17taga tushirildi. Xalqaro tajribaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, misol uchun, Buyuk Britaniyada o‘quvchilar umumta'lim davrida 6tadan 12tagacha fanni o‘zlashtirishadi.
Fanlar soni ko‘pligi o‘quvchining fanni o‘zlashtirishi uchun ajratadigan vaqt me'yorini oshirib yuboradi. Masalan, umumta'lim maktablarida 5-6ta fan uchun har kuni o‘rtacha 4,5 yoki 5 soat vaqt ajratiladi.
O‘quvchi darsda o‘tilgan fanlar yuzasidan uyda tayyorlanishi uchun har bir fanga taxminan 20-30 daqiqadan vaqt ajratadi. Ya'ni uyga vazifani bajarish uchun o‘quvchi o‘rtacha 2-3 soat vaqt ajratadi. Agar unga ko‘maklashuvchi shaxs bo‘lmasa, o‘quvchidan uyga vazifani bajarish yanada ko‘proq vaqtni talab etadi.
Guvohi bo‘lganimizdek, o‘quvchi har kuni 7-8 soat vaqtini o‘quv fanini o‘zlashtirishga sarflamoqda.
Xalqaro tajribada, misol uchun, Finlandiya tajribasiga ko‘ra, o‘quvchilar har kuni fanlarni o‘zlashtirish uchun 4 soat ajratadi.
O‘quv darslari va o‘zlashtirish soatlari ortib ketishi natijasida:
- O‘quvchi mavzularni o‘zlashtirishga ulgurmaydi;
- Bu esa uning fanga nisbatan qiziqishini susaytiradi;
- Natijada o‘quvchi darsdan bezib, o‘zlashtirish uchun ichki rag‘bat topmaydi;
- Shuningdek, o‘quvchida o‘zining qiziqishlari, qo‘shimcha mashg‘ulotlar uchun vaqt ajrata olmaydi.
O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi «O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida tayanch o‘quv rejasini takomillashtirish hamda o‘zaro uzviy bog‘liq fanlarni birlashtirish hisobiga ularning sonini optimallashtirish belgilandi. Bunda ko‘zlangan asosiy maqsad endi songa emas, sifatga urg‘u berish, turli fanlardagi takrorlarning oldini olishdan iborat.
Tahlillarga ko‘ra, amaldagi o‘quv dasturi asosida o‘quvchilarga haftasiga o‘rtacha 33ta yangi mavzu o‘tiladi. Bu - o‘quvchi bir hafta mobaynida 33ta mavzuni o‘zlashtirishi kerak degani. Amaldagi o‘quv dasturi asosida yaratilgan fanlar o‘rtasida o‘zaro uyg‘unlik - integratsiya mavjud emasligi hisobiga o‘quvchilar olgan bilimlarni mantiqan bog‘lay olmaydi. Natijada darsda olgan bilimini hayotdagi vaziyatlarda qo‘llay olish ko‘nikmasi rivojlanmay qoladi.
Amaldagi dasturda o‘quvchilar 1-sinfdan 11-sinfga qadar 6790ta mavzuni o‘zlashtirishi kerak. Milliy o‘quv dasturi asosida mavzular sonini 40 foizga qisqarishi kutilmoqda», dedi Shuhrat Sattorov.
U mavzular takroriy emas, bir-birini mantiqan davom ettiruvchi tarzda kiritilishini ta'kidlagan.
«Avvalgi o‘quv dasturlari mazmuni 90 foiz nazariyadan iborat bo‘lib, o‘qitish metodikasi yodlatishga yo‘naltirilgan. Yangi Milliy o‘quv dasturi mazmuni 50 foiz nazariya, 50 foiz amaliyotdan iborat bo‘ladi va bu o‘quvchining mustaqil faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
O‘quv dasturlarida baholash esa faqat eslab qolgan bilimlar hajmini aniqlagan. Yangi dastur asosida o‘quvchilarda shakllangan ko‘nikmalar baholanadi. Fanlar soni va o‘quv yuklamalari optimallashtirilib, o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra fanlarni tanlab o‘qish imkonini beruvchi variativ o‘quv dasturlar asosida hayotga va kasbiy faoliyatga tayyorlash imkoni yaratiladi.
Milliy o‘quv dasturi asosida fanlar chiziqli tartibda emas, spiralsimon tarzda o‘qitiladi. Ya'ni mavzular takroriy emas, bir-birini mantiqan davom ettiruvchi hamda soddadan murakkabga tomon yo‘naltirilgan tarzda kiritiladi», dedi u.
Mavzuga oid
10:25 / 12.12.2024
Maktablarda qishki ta’til 29 dekabrdan boshlanadi
14:47 / 04.12.2024
Germaniyada maktabga kechikkan o‘quvchilarga jarima solish boshlandi
13:56 / 04.12.2024
«Bir million dasturchi» loyihasida eng yaxshi natija ko‘rsatgan maktabga elektromobil beriladi
22:48 / 03.12.2024