O‘zbekiston | 19:41 / 13.11.2020
24945
3 daqiqa o‘qiladi

XTV va Do‘sov ishi: Javobgar tomon sud raisi va prokurorga ishonchsizlik bildirdi

O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi va sobiq deputat Qobil Do‘sov o‘rtasidagi sud jarayoni bir necha oydan buyon davom etmoqda. 12 noyabr kuni navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbiri sud zalidan videoreportaj tayyorladi.

3 noyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudida Qobil Do‘sovning videomurojaati ustidan tayinlangan sud-lingvistik ekspertizasi xulosasi muhokama qilingan edi.

Sudda Do‘sov va uning advokati mazkur ekspertlar xulosasidan norozi ekanini bildirib, suddan ekspertiza xulosasi qayta tayinlanishini, ekspertlar guruhi yig‘ilishida ishtirok etgan mutaxassislarni sud zaliga chaqirishni so‘ragandi. Sud raisi qayta ekspertiza tayinlashni rad etib, ekspertlarni sud majlisiga chaqirish haqidagi iltimosnomani qanoatlantirgan edi.

12 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisida ekspertlar guruhi a'zosi – Chirchiq davlat pedagogika instituti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri A.Shofqorov ishtirok etdi. Ikki tomon advokatlari ekspertni savolga tutishdi.

Shundan so‘ng ikki tomonning o‘zaro muhokamasi savol-javob shaklida bo‘lib o‘tdi. Do‘sovning advokatlari da'vo arizasi bo‘yicha o‘z savollarini XTV tomoniga berishdi. Unda asosiy masala – da'vo arizasi xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov tomonidan berilganmi yo vazirlik tomonidanmi, degan savol bo‘ldi. Advokatlarning bu savolni berishiga sabab – Shermatovning Kun.uz saytiga bergan intervyusida: «Uni men emas, vazirlik sudga bergan», deb aytgan so‘zlari bo‘ldi.

XTV tomoni esa fuqaro sifatida Shermatov Do‘sovni sudga bermagani, butun tizim va 700 mingga yaqin xalq ta'limi xodimlarining sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilib, vazirlik sudga da'vo arizasini kiritganini ta'kidladi.

Sud majlisida Qobil Do‘sov tomoni sud-lingvistik ekspertizasini qayta tayinlanishini yana bir bor iltimos qilib, uni O‘zbekiston Milliy universiteti filologlari yoki X.Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertizasi markaziga topshirishni so‘radi. Lekin sud joyida ajrim chiqarib, iltimosni rad etdi.

Shuningdek, sud majlisida javobgar Qobil Do‘sov prokurorning xolisligiga norozilik bildirdi. Javobgar Do‘sovning advokatlari sud raisining ham xolisligiga norozilik bildirib, sud raisini almashtirishni so‘rab, sudga iltimosnoma kiritishdi.

Batafsil tafsilotlar bilan Kun.uz'ning YouTube'dagi kanalida joylangan videoreportaj orqali tanishishingiz mumkin.

Hozircha sud ishni ko‘rib chiqishda tanaffus e'lon qildi. Keyingi majlis 16 noyabr soat 14:00ga belgilandi.

Mavzuga oid