O‘zbekiston | 18:59 / 14.11.2020
33905
2 daqiqa o‘qiladi

«Ipoteka bank» kassiri aholining bankdagi to‘lovlarini kirim qilmay, o‘zlashtirib yuborgani aniqlandi

«Ipoteka bank» Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialining Majburiy ijro byurosi To‘rtko‘l tumani bo‘limi binosida joylashgan 32-sonli kassa nazoratchisi 104,3 million so‘mni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

«Ipoteka bank» Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialining Majburiy ijro byurosi To‘rtko‘l tumani bo‘limi binosida joylashgan 32-sonli kassa nazoratchisi O‘.R. 2017 yil iyulidan e'tiboran bir yil oralig‘ida 104 million 355 ming so‘m mablag‘ni o‘zlashtirib, rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan. Bu haqda Kun.uz muxbiri Bosh prokuratura ma'lumotiga tayangan holda xabar qiladi.

Ta'kidlanishicha, kassir O‘.R. Byuroning To‘rtko‘l tumani bo‘limi davlat ijrochisi va surishtiruvchilari tomonidan sud va boshqa organlarning ijrosi tamomlangan jami 421ta ijro va ma'muriy ish materiallaridagi ma'muriy jarima hamda ta'minotchi korxonalarga yetkazilgan zarar, tarmoqqa qayta ulanish kabi fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan to‘lov mablag‘larni o‘zlashtirgan.

Bosh prokuraturaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, kassir O‘.R. Jinoyat kodeksining 167, 208 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, sud hukmi bilan jazoga tortilgan.

Avvalroq, ushbu holat bo‘yicha «Ipoteka bank» boshqaruv raisi Shuhrat Otaboyev korrupsiya masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda munosabat bildirgandi.

Shuhrat Otaboyev

«Ming afsuski, shunday holat uchrab turibdi», — deya olgan Otaboyev. 

Mavzuga oid