Jamiyat | 20:05 / 16.11.2020
22840
4 daqiqa o‘qiladi

Kollej va texnikumlarga qabul: bitta o‘ringa nechta abituriyent to‘g‘ri kelmoqda?

Yangicha tizimdagi o‘rta maxsus ta'limning ilk yilida, O‘zbekistondagi 201 ta kollej va 185 ta texnikumga jami 154 765 ta kvota ajratilgan. Bu o‘rinlar uchun talabgorlar soni 260 021 nafar. Bir o‘rin uchun konkurs 1,7ga teng. O‘qishga qabul qilinganlarning 86 foizi to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Aziz Meliboyev joriy o‘quv yilidan faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan 725 ta yangi professional ta'lim muassasalariga qabul masalasida ma'lumot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Kasb-hunar maktablari

Meliboyevga ko‘ra, 2020/21 o‘quv yili uchun jami 339 ta kasb-hunar maktablariga 81 464 nafar 9-sinfni tamomlagan maktab bitiruvchilari qabul qilingan. Bu – jami bitiruvchilarning 16,7 foizi demakdir.

«Ularning 5 275 nafari (6,5 %)ni esa ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oila farzandlari tashkil qiladi. Bugungi kunda Kasb-hunar maktablarining 311 tasida an'anaviy, 28 tasida onlayn shaklda ta'lim jarayonlari olib borilmoqda.

Shuningdek, ta'lim jarayoni onlayn shakldan an'anaviy shaklga bosqichma-bosqich o‘tkazilmoqda. O‘quvchilar umumta'lim fanlaridan ijara tizimi asosida darsliklar bilan ta'minlanmoqda», – dedi vazirlik vakili 16 noyabr kungi matbuot anjumanida.

Kollejlar

Aziz Meliboyevga ko‘ra, joriy o‘quv yili uchun 26 ta vazirlik va idoralar tizimidagi 201 ta kollejga jami 81 325 nafar o‘quvchini (shundan 12 762 nafari davlat granti, 68 563 nafari to‘lov-kontrakt asosida) qabul qilish belgilangan. Jami 106 981 nafar abituriyentdan ariza kelib tushgan.

«Tushgan hujjatlar sonining bilim sohalari kesimidagi ulushi: «Ta'lim»da – 41,4 foiz, «Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta'minotda»da – 40,6 foiz, «Muhandislik, ishlov berish va qurilish tarmoqlari»da – 7,4 foiz, «Xizmatlar»da – 5,6 foiz, «Ijtimoiy fanlar, biznes va huquq»da – 3,0 foiz, «Qishloq xo‘jaligi»da – 1,8 foiz, «Gumanitar fanlar va san'at»da – 0,2 foiz, «Fan»da – 0,03 foiz», – dedi u.

Texnikumlar

Boshqarma boshlig‘ining aytishicha, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan joriy o‘quv yilida 62 ta OTM huzuridagi 185 ta texnikumga (shundan 47 tasi tibbiyot yo‘nalishidagi texnikumlar) jami 73 440 nafar o‘quvchini (shundan 9 199 nafari davlat granti, 64 241 nafari to‘lov-kontrakt asosida) qabul qilish belgilangan. Jami 153 040 talabgordan onlayn tarzda ariza qabul qilingan.

«Jami tushgan hujjatlar sonining bilim sohalari kesimidagi ulushi quyidagicha ko‘rinish oldi: «Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta'minot»da – 67,2 foiz, «Muhandislik, ishlov berish va qurilish tarmoqlari»da – 15,4 foiz, «Ijtimoiy fanlar, biznes va huquq»da – 7,5 foiz, «Qishloq xo‘jaligi»da – 5,1 foiz, «Xizmatlar»da – 4,1 foiz, «Ta'lim»da – 0,7 foiz», – dedi Meliboyev.

Bu yil kollej va texnikumlarga saralash imtihonlari 20 noyabrdan 30 noyabrga (30 noyabr kuni ham) qadar o‘tkaziladi. Test sinovlarini o‘tkazish manzili va grafigi hali e'lon qilinganicha yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, kollej va texnikumlarda kontrakt narxi 3,9 – 4,2 million so‘m oralig‘ida.

Mavzuga oid