O‘zbekiston | 21:53 / 16.11.2020
14620
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda davlat buyurtmalari xususiy kompaniyalarga tendersiz berilgani ma’lum bo‘ldi

Toshkent shahridagi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar buyurtmachisi, Toshkent shahri hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi shahardagi yirik qurilish obektlarini tajribasiz xususiy qurilish kompaniyalariga tendersiz topshirayotgani ma’lum bo‘ldi.

Davletovuz kanali muallifi ochiq manbalarga asoslangan holda ushbu kompaniya tomonidan poytaxtda turli inshootlarni qurish, infratuzilma yo‘l va kommunal tarmoqlar barpo etish, ta’mirlash kabi buyurtmalar to‘g‘ridan to‘g‘ri, asosan hukumat hujjatlari bilan xususiy kompaniyalarga taqdim etilgani haqida yozdi. 

Keltirilgan jadvalda davlat xaridlari portalida joylashtirilgan, shartnoma qiymati qariyb 1,5 trln so‘mlik buyurtmalar qaysi kompaniyalarga berilgani haqida ma’lumot taqdim etilgan. 

Xususan, «Power Construction Planet» MChJ (avvalgi nomi Discovery Invest) kompaniyasi (kompaniyaning 66,9 foiz ulushiga muqaddam Akfa Engineering Management kompaniyasida direktor o‘rinbosari va direktor lavozimlarida ishlagan Ismoil Isroilov egalik qiladi) bilan Arxitektura institutining uchta binosini qurish uchun jami 167 mlrd so‘mlik, Davlat soliq qo‘mitasi binosini kapital ta’mirlash va jihozlash uchun 35,6 mlrd so‘mlik, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi binosini qurish va jihozlash uchun 17,9 mlrd so‘mlik, Raqamli Toshkent situatsion markazini qurish uchun 100,2 mlrd so‘mlik, Zangiota tumanida ixtisoslashtirilgan 2160 o‘rinli karantin zonasini qurish uchun 39,2 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzilgan.

Shuningdek, 2020 yilning mayiga qadar Ismoil Isroilov 40 foizlik ulushiga egalik qilgan, hozirda 82,40 foiz ulushi Nodirjon Asatovga tegishli bo‘lgan «ECO HOUSE-GROUP» MChJ (avvalgi nomi Whitecity Construction) bilan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Geologiya fanlari universiteti bino va inshootlarini qurish hamda ta’mirlash uchun 357,6 mlrd so‘mlik, Sergeli tumani O‘zar ko‘chasida qurilayotgan 46ta ko‘p kvartirali uylarning ichki muhandislik tarmoqlarini qurish va hududlarni obodonlashtirish uchun 22,7 mlrd so‘mlik, Talabalar shaharchasida OTM o‘qituvchi, ilmiy xodimlari uchun 6ta ko‘p qavatli uylarning ichki muhandislik tarmoqlarini qurish va hududni obodonlashtirish uchun 6,4 mlrd so‘mlik shartnomalar imzolangan.

«Summalar asosan shartnoma qiymatiga taalluqli bo‘lib, yakuniy miqdori bajarilgan ishlar bo‘yicha ko‘p yoki kam bo‘lishi ham mumkin.

Ayrim shartnomalarda manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli ham ko‘rinadi, buyog‘i endi mutasaddi idoralarning ishi. Aksariyat kompaniyalar so‘nggi 2-3 yilda tashkil topgan. Shunday bo‘lsa-da, yirik-yirik obektlar ularga ishonib, tendersiz topshirilgan. Mablag‘lar asosan respublika budjeti, shaharning rejadan oshgan qismidan jalb qilinishi belgilangan», deyiladi postda.

Mavzuga oid